Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namangandagi 5 tonnalik sumalak 15 ming idishda tarqatildi

Namangandagi 5 tonnalik sumalak 15 ming idishda tarqatildi

Foto: «O‘zA»

Namanganda 5 tonnalik sumalak masalliqlari qozonga solingani haqida xabar bergan edik.

Tayyorgarlik jarayonida 1,1 tonna bug‘doy tozalandi va yuvildi, 2,5 tonna un elakdan o‘tkazildi. Bu jarayonlarda 300 nafardan ziyod xotin-qiz ishtirok etdi. Yuvilgan bug‘doy maxsus tayyorlangan va umumiy yuzasi 112 kvadrat metrdan ko‘proq bo‘lgan 50 xontaxtaga undirgani qo‘yildi. «O‘zA»ga bu haqda ma’lumot berdi.

Sumalak pishirishga jalb etilgan 25 nafar ayolning tunu kun navbatchiligi tashkil qilindi. Chunki bug‘doyga ob-havoga qarab har uch soatda suv sepib turish, unish sur’atini boshqarib turish kerak. Aks holda bug‘doy belgilangan kunga zarur darajada unmay qolsa reja barbod bo‘lganidek, muddatidan avval me’yoridan ortiq o‘sib ketgan bug‘doy maysasidan tayyorlangan sumalak taxir bo‘lib qoladi.

Yuqoridagi masalliqlardan tashqari yana 250 litr o‘simlik moyi va 2,4 ming litr suv ishlatilgan va daryodan maxsus terib kelib yuvib-qaynatib tozalangan tosh solingan sumalak 24 soat qaynadi.

Nihoyat 21-mart – Navro‘z tongida obdon dam yedirish uchun o‘rab qo‘yilgan qozon o‘ramasi ochildi.

Shunday qilib, Namanganda Navro‘z sayli sumalak tarqatish bilan boshlandi.

– Sumalakning uchdan bir qismi viloyatdagi Mehribonlik, Saxovat uylari, shifoxonalar va kam ta’minlangan oilalarga yetkaziladi, – deydi mega-sumalak tayyorlash g‘oyasi tashabbuskori, «Namangan kitob olami» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, shahar kengashi deputati Ma’rufjon Mo‘minov. – Bundan tashqari, sayilga kelgan yurtdoshlarimiz, viloyatimiz mehmonlari ham ezgu niyatlar bilan tayyorlangan bahor taomidan bahramand bo‘lishadi. Ularga shu maqsadda tayyorlab qo‘yilgan 15 mingdan ziyod bir martalik idishlarda sumalak tarqatiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring