Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Sumalakdan topilgan rizq: bozorga chiqariladi, xorijga jo‘natiladi, buyurtma olinadi (video)

Sumalakdan topilgan rizq: bozorga chiqariladi, xorijga jo‘natiladi, buyurtma olinadi (video)

Foto: Xabar.uz

Sumalak Navro‘zning shoh taomi. Sumalakning ibtidosi, ehtimol, Navro‘z nishonlana boshlangan davrlarga taqalar. Balkim, undan-da oldinroq yoki sal keyinroqqa. Ne bo‘lganda ham sumalak pishirish bir san’at. Ta’mi, rangi, quyuq-suyuqligini me’yoriga keltira bilish hammaga emas.

Sumalak qanchalik qadimiy ne’mat bo‘lmasin, sumalakpazlik kasb sifatida shakllanganiga hali ko‘p bo‘lmadi. Kasb deganda. mehnati evaziga rizq topish, bajargan ishi bilan ro‘zg‘or tebratish nazarda tutilmoqda.

Toshkent bozorlariga birinchilardan bo‘lib sumalak chiqargan Guljahon Bekmurodova 70 yoshda. Onaxon bugunda ham har kuni bir doshqozondan sumalak pishiradi.

Pazandalik ortidan «ochilgan yo‘l»

Guljahon aya juda samimiy ayol. Qo‘llari chaqqon-chaqqon harakat qilar ekan, kasbi sirlaridan oldin  boshidan kechirganlarini  bor-boricha gapiraveradi.

– Asli Shahrisabzdanmiz, – deydi onaxon. – Toshkentga kelganimizda avvaliga rosa qiynalganmiz. Bozorlarda choy, kofe sotganman. Kartoshka va sabzi olib sotgan vaqtlarimiz ham bo‘ldi. Birinchi marta sumalakni 30 yil avval bozorga olib chiqqanman. Aslida bolaligimdan sumalak tayyorlanishini ko‘rib ulg‘ayganman. Keyinroq sumalak qozoni boshida onam bilan yonma-yon turganman, onam qo‘li gul sumalakchi edi. Toshkentga kelib ijarama-ijara yurgan kunlarimizda ana shu hunarim asqotdi.

Shunday qilib, Guljahon aya  aytmish  «biznes»ga yo‘l ochilgan. Daromadlarining boshi Toshkentda uy-joy uchun to‘plangan. (Bugunda ana shu fayzli xonadondan har kuni sumalakning ajib  bo‘yi ufuradi). «Sumalakpazlik  orqasidan o‘g‘il uylantirdik, qiz chiqardik, birovdan kamimiz yo‘q» – deydi onaxon.

Tansiq ne’matning savdoga chiqishi  ko‘plar uchun ayni muddao bo‘ldi.

Amerikaga, Rossiyaga, Koreyaga...

Sumalakka solinadigan toshgina bepul. Qolgan hamma masalliqning o‘z hisob-kitobi bor. Bir qop un, 30 kilogramm bug‘doy, ikki litr yog‘, bir hovuchcha yong‘oq... Jami 500 ming so‘m atrofida sarflanadigan mahsulot. Lekin bularning bari qo‘l ostida bo‘lsa-da, sumalakni hamma ham eplolmaydi. Guljahon ayani biladiganlar ulardan sumalak pishirib berishni iltimos qilishadi. Aya esa o‘z qozoni va kapgiri, o‘tini bilan, hatto barcha masalliqlarni ham mashinaga orttirib  kutilayotgan joyga  boradi. «Sumalak 18-20 soat qozonda bo‘ladi, qariyb bir kecha-kunduz o‘sha xonadonda bo‘lamiz, xizmatimiz uchun 300-400 ming so‘m olamiz» deydi onaxon. Lekin oldindan yozdirib qo‘ymasa, navbat yetmaydi, deb qo‘shib ham qo‘yadi.

Ayrim hollarda chiroyli, xushta’m sumalak ham jig‘ildonni qaynatishini Guljahon aya aytar ekan, bunga bug‘doyni undira bilmaslik sabab bo‘ladi, deydi va uning qozoni cho‘yan emas, alyuminiy ekanini ham eslatadi.

Sumalakpaz onaxon u pishirgan bahor ne’mati Amerika, Rossiya, Koreya, Germaniya va boshqa qator davlatlarga ham jo‘natilishini faxr bilan gapirdi. Bolalari, jigarlariga ilinadi-da o‘zbek.

«Iliq bo‘lganda baklashkalarga solib beramiz, 3-4 kunda aynimaydi yoki qaynog‘ida bankalarga yopib beramiz» tushuntiradi u.

«Shogirdlarim – yaqinlarim»

Sumalakpazlik jismonan og‘ir mehnat. Har kuni bir qozon sumalakni, hatto qirchillama yoshdagi inson ham yolg‘iz o‘zi pishirisholmaydi. Guljahon aya singlisi, qizlari jiyanlari bilan birgalikda ishlashini aytadi.  Shundan, ayaning shogirdlari ham aynan yaqinlaridir.

Suhbatdoshim virus balosi O‘zbekistonning sumalak borasidagi shuhratiga xalal berdi, deb hisoblaydi. «Ginnes kitobi uchun 8 tonnalik qozonda birgalikda sumalak pishiramiz deb yozib ketishgan edi. Kasal chiqib, qolib ketdi» afsuslanadi aya. (Qiziq, bir qop unli sumalakni ham eng uzoq vaqt pishiriladigan ne’mat deb rekordda qayd qilish mumkin emasmi?)

Bir vaqtlar, saksoninchi yillarda, Navro‘zni nishonlash ta’qiqlangandi. O‘shanda, yillar osha shaharlarda sumalak pishirishni biladiganlar kamayib ketaverdi. O‘zlaricha pishirmoqchi bo‘lganlar eplay olmay qozon-qozon masalliqlar ariqlarda oqizilgan hollar sir emas. «Biz markazdan uzoqda edik. O‘shanda ham onam bilan o‘zimiz, yaqinlarimiz uchun tayyorlaganmiz, shuning uchun men sumalak sirlarini unutmadim-da», deydi Guljahon aya kulib.

–  Sumalak mavsumi tugasa, keyin nima qilasiz?

– Nisholda-da, aylanay, erkaklar yordam beradi, qozonimiz bo‘sh qolmaydi, elimiz duosini olib yuraveramiz

Sumalakpaz aya qayta-qayta shukur keltiradi va «Mehnat qilgan xor bo‘lmaydi» degan gapini takrorlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring