Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2020-yilgi davlat dasturi loyihasi 20 kunda tasdiqlash uchun kiritiladi

2020-yilgi davlat dasturi loyihasi 20 kunda tasdiqlash uchun kiritiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga Murojaatnomasida 2020-yil barchamiz uchun alohida sinov va mas’uliyat yili bo‘lishini qayd etdi.

«Biz bundan uch yil oldin mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida buyuk ishlarni boshlaganmiz.

Xalqimizning aql-zakovati, kuch-qudrati va salohiyatiga tayanib, biz dastlabki, lekin o‘ta muhim va salmoqli natijalarga erishmoqdamiz.

Endi ana shu yutuqlarimizni mustahkamlab, yanada dadil va ulkan qadamlar tashlashimiz shart.

Chunki yurtimizdagi islohot va o‘zgarishlar jarayoni ortga qaytmaydigan va hal qiluvchi pallaga kirmoqda.

Natijadorlik hammamiz uchun bosh talab, asosiy mezonga aylanmoqda. Bu borada 2020 yil barchamiz uchun alohida sinov va mas’uliyat yili bo‘ladi.

Endi kechagi yutuq va marralar bizni sira qoniqtirmaydi. Nega deganda, bugungi O‘zbekiston kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas.

Amaliy natija bilan mustahkamlangan, o‘z mevasi, hosilini berayotgan islohot odamlarning qalbiga, yuragiga tez kirib boradi. Va bunday islohotni, bunday shiddatli jarayonni hech kim, hech qanday kuch to‘xtata olmaydi.

Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini yurtimizda yashayotgan har bir inson, har bir oila bugun o‘z hayotida his etishi kerak.

Buning uchun barcha bo‘g‘indagi rahbarlar foizlar, raqamlar, qog‘ozning ortidan quvmasdan, har bir fuqaro uchun, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlash uchun ishlashi shart.

Shunda nuroniy keksalarimiz, muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, hurmatli ayollarimiz, aziz farzandlarimiz, jajji nabiralarimiz, ko‘pmillatli butun xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi.

Bugungi Murojaatnomada bayon qilingan har bir maqsad va vazifaga, ularni amalga oshirishga aynan shu nuqtai nazardan yondashsak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasi hudud rahbarlari bilan birgalikda, Murojaatnomada belgilab berilgan barcha vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlab, har chorakda Oliy Majlis oldida hisobot berishi zarur.

Prezident Administratsiyasi va Hukumat Oliy Majlis palatalari bilan birgalikda, 20 kun muddatda 2020 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasini puxta tayyorlab, tasdiqlash uchun kiritsin», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring