127 yillik kutubxonani kim qutqaradi?
Elmira Dobrova viloyatda ko‘zga ko‘ringan bibliograf, qirq yillik stajga ega kutubxonachi bo‘lib tanilgan. Ko‘pdan buyon u haqda yozish, tajribasini yoritish ishtiyoqida yurardim. Yaqinda uning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Ovozidan qattiq tashvishda ekanligi, ich-ichidan ezilayotgani sezilib turardi. Tashvish-xavotiri bejiz emas ekan.
Yaxshisi, uning iztiroblarini qanday hikoya qilgan bo‘lsa, shunday e’tiboringizga havola eta qolay:
— «MDM» xususiy korxonasi o‘zlariga ajratilgan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga qarashli binoni buzdirishayotgan kunlarda, aniqrog‘i, 5 fevral kuni shu korxona rahbari Fayzullo Yuldashev hech qanday hujjat taqdim etmay, zudlik bilan ko‘chishimiz zarurligini bildirdi. Biz ham darhol bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odil Umarovga yozma ravishda murojaat qildik. Hech qanday javob bo‘lmadi.
Xullas, hozirgi vaziyatdan anglashiladiki, 800 kv.m joydagi ilmiy-tibbiy kutubxona yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turibdi.
Agar kutubxonamiz binosi ham shu korxonaga berilsa, bu korxona Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga qarashli beshinchi binoga ham egalik huquqini qo‘lga kiritgan bo‘ladi. Shahar hokimligining 2018-yil 123, 124-qarorlarida quloq-tomoq kasalliklari (lor) bo‘limi sobiq binosi xususiy korxonaga foydalanish uchun berilayotganligi bayon etilgan bo‘lib, mazkur hujjatda bizning ilmiy-tibbiy kutubxona haqida hech gap yo‘q. Xullas, hozirgi vaziyatdan anglashiladiki, 800 kv.m joydagi ilmiy-tibbiy kutubxona yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turibdi.
Endi bo‘lsa mutlaqo bizni ko‘rib ko‘rmaslikka, bilib bilmaslikka olishmoqda.
Kutubxona direktori sifatida men hech qanday hujjat bilan, ya’ni boshqa joyga ko‘chish, falon bino ajratilgani bilan tanishtirilmadim. Dilni og‘ritadigan munosabatlar boshlanganiga ancha bo‘lgan. 2002 yildan buyon uch marta ko‘chirildik. Endi bo‘lsa mutlaqo bizni ko‘rib ko‘rmaslikka, bilib bilmaslikka olishmoqda.
O‘rni kelganda aytishim joiz, bu hududdagi atrof-muhitni ifloslantiruvchi zavodlar shahardan chetga chiqarildi. Biroq, ajabo, rentgenologik apparat ishlab chiqarish korxonasi eson-omon qolaverdi. Odamlarning hammasi ham bu nima ekanligini bilavermaydi. Binobarin, bu hududda viloyat hokimligi, Islom Karimov nomidagi san’at saroyi, ikkita maktab, «Muruvvat» maktab-internati, «Suv sporti» saroyi, turarjoy binolari va shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali bor-ku! Lekin ming-ming taassuflar bo‘lsinkim, Prezidentimiz kutubxonaga, kitob mutolaasi, kitobxonlik madaniyatini oshirishga, ya’niki ma’naviyatni yuksaltirishga davlat darajasida ahamiyat berayotganda bizning kutubxonamizga ortiqcha boshog‘riqday qaralmoqda.
Yonginamizda foydalanilmay kelayotgan ikkita parnik o‘rnida 2 yoki 3 qavatli kutubxona qurilsa, uchinchi qavatida viloyat tibbiyoti tarixi muzeyini tashkil etsak, tasavvur eting, qanchalar ulug‘ ish bo‘lardi. Bu ham bir orzu-da. Orzuga esa ayb yo‘q, deydilar. Indamay, menga nima, nima bo‘lsa shu bo‘lar, deb yuraverishga vijdonimiz yo‘l qo‘ymayapti.
Xalqimiz noyob, bebaho boylik — kitoblarga to‘la kutubxonasidan judo bo‘lmasligi kerak.
Dodimiz bitilgan xatlarga Farg‘ona viloyat hokimi, Respublika sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika ilmiy-tibbiy kutubxona direktoridan javob kutaverib charchadik. So‘nggi umidimiz to‘rtinchi hokimiyatdan. Ohimiz jurnalistlar orqali Prezidentimizga yetib borishiga, muammo qisqa fursatlarda hal etilishiga ishonamiz. Xalqimiz noyob, bebaho boylik — kitoblarga to‘la kutubxonasidan judo bo‘lmasligi kerak.
Endi mazkur kutubxona haqida qisqacha: avvalo shuni ta’kidlashim kerakki, direktorning g‘ayrati, fidoyiligi natijasi — yig‘ilgan arxiv hujjatlarining ko‘pligi va rang-barangligini ko‘rib lol qoldim. Tibbiyot fani, sog‘liqni saqlash tizimining tarixiga, hujjatlariga bu darajada qiziqish, ularni behad qadrlash hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Bularning hammasi kim uchun, nima uchun? Albatta, elu yurt manfaatlari uchun-da.
Bundan tashqari, shuni ham aytish kerakki, kutubxona jamoasi sog‘liqni saqlash tizimi izlanuvchan shifokorlariga yaqin ko‘makchi. Zarur hollarda so‘ralgan kitoblarni, yangi e’lon qilingan farmonlarni, hujjatlarni shifokorlarga olib borib, foydalanib bo‘lishgach, qaytarib olib kelishadi. «Nima qipti. Bu bizning burchimiz» deyishadi ular.
Tibbiyot kutubxonasi 1891-yilda viloyat tibbiyot jamiyati tomonidan tashkil etilib, shifokorlar o‘z yonlaridan kitob sotib olib, kutubxonani boyitib borishgan.
Shifokorlar sulolalaridan iborat oilaviy kitobxonlar, ayniqsa, ko‘pchilikni tashkil etadi. Kutubxona sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga xizmat qiluvchi axborot resurslarini yaratishi bilan, shahar va tumanlardagi tibbiyot kutubxonalariga metodik yordam berishi bilan ham o‘z o‘rni, nufuziga ega. Bu ilm maskanining shifokorlar uchun, demakki, viloyat aholisi uchun naqadar muhimligi isbot talab qilmaydigan haqiqat. Endi yana hayratlanarlisi — kutubxonaning yoshi 127da!
Tibbiyot kutubxonasi 1891 yilda viloyat tibbiyot jamiyati tomonidan tashkil etilib, shifokorlar o‘z yonlaridan kitob sotib olib, kutubxonani boyitib borishgan. Ushbu jamiyat a’zolari bo‘lgan shifokorlar shaxsiy kutubxonasidagi kitoblarni ham ushbu kutubxonaga vasiyat qilganlar. Tashqaridan yarim vayrona ko‘rinishidagi kutubxonaga kelganimda Elmira Ibragimovna ana shu kitoblarning bir nechtasini avaylabgina olib ko‘rsatdi.
«Kutubxonamizga. Kitoblarim yosh shifokorlar ilmu tajribasini yuksaltirishga, bemorlarga shifo baxsh etishga, faol hayotga qaytarishga bel bog‘laganlarga» kabi dil so‘zlarini yozib qoldirganlar. 1891-yildan boshlab, Ikkinchi jahon urushi davrida Moskvadan Farg‘onaga evakuatsiya qilingan stomatologiya institutida xizmat qilgan shifokor Muhammad Aliyev, bosh shifokor Smirnov singari juda ko‘p shifokorlar haqida ma’lumotlar katta-katta jildlarga joylangan.
Ayni kunlarda kutubxonada 35283 axborot manbai, 76000 kitob fondi, 3000ta jurnal, 85655 kartoteka mavjud. Bir asrdan ziyod davrdan buyon shifokorlar bilimlarini oshirishga va mustahkamlashga xizmat qilib kelayotgan kutubxona xazinasini – tibbiyot sohasidagi madaniy merosni asrab-avaylash o‘rniga kutubxonaga bu zayl munosabat kishini ranjitadi.
Farg‘onalik shifokorlar o‘zlari bunyod etgan kutubxonadan ayrilsalar, bu ma’naviy yo‘qotishning zararini hisoblab oxiriga yetolamizmi? Nafaqat vodiy, balki respublika tibbiyot kutubxonalari o‘rtasidagi aloqalarning uzilib ketishining oqibatlarini-chi, qaysi raqamlarga joylay olamiz?!
Hafiza Salyahova, «Xabar» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter