«103»ga yolg‘on qo‘ng‘iroqlar oqibati og‘ir bo‘ladi

O‘tgan yili «103» xizmatiga surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlardan 573 mingdan ortiq murojaatlar tushgan bo‘lsa, bu yilning 11 oyi davomida 832 ming nafarga yaqin shu toifadagi chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, aslida, surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlar o‘zlari yashab turgan hududlaridagi oilaviy poliklinika yoki qishloq vrachlik punktiga murojaat etib, shifokor tavsiyasi asosida muolajalarni uzluksiz tarzda to‘g‘ri olib borsa, avvalo, o‘z sog‘lig‘i uchun foydali bo‘ladi.
Chunki tez tibbiy yordam xodimlarining qo‘lida poliklinikada bor bo‘lgan laborator tahlillar va instrumental jihozlar mavjud bo‘lmagani uchun ular chaqiriq davomida chuqur tahlil o‘tkazishi va davolashi imkonsiz.
Shu sababli ular bemorni davolamaydi, balki yuzaga kelgan holat bo‘yicha shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatadi, ya’ni faqat simptomatik davo choralarini ko‘radi.
Qayd etilishicha, 2019 yilda «103» xizmatiga tushgan murojaatlarning 95 mingdan ziyodi, 2020 yilda 133 mingga yaqini tez yordam xodimlari tomonidan natijasiz chaqiriqlar, deb baholangan.
Bu «103» xizmati xodimlari kelguniga qadar o‘lim holati sodir bo‘lgani yoki bemor «tez yordam» kelishini kutmay yo‘lovchi transportda olib ketilgani, yolg‘on chaqiriq, manzil topilmagani, tez tibbiy yordam rad etilgan kabi qator vaziyatlar bilan bog‘liqdir.
Afsuski, «103» xizmatiga yolg‘on qo‘ng‘iroqlar kelishi hamon davom etmoqda. Eng achinarlisi, bunday vaziyat oddiy chaqiriqdan ko‘ra ko‘proq vaqt va mehnat talab qiladi. Ustiga ustak, shifokor ham, tibbiy yordam mashinasi ham uzoq vaqt band bo‘lib qoladi.
Bu esa nafaqat «tez yordam» xodimlarining vaqtini oladi, balki qator «103» ko‘magiga muhtoj bemorlarning kutib qolishiga, hatto ularning hayotini saqlab qolishni qiyinlashtirishga ham sabab bo‘lishi mumkin, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter