Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-yanvardan nimalar o‘zgaradi?

1-yanvardan nimalar o‘zgaradi?

Norma.uz portali 2024 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlr sharhini taqdim etdi.

Temir yo‘lda yuklarni tashishda berilgan imtiyozlar bekor qilinmoqda

Temir yo‘lda yuklarni mahalliy, eksport va import yo‘nalishlarida tashish tariflariga taqdim etilgan chegirmalar bekor qilinadi, ikki yoki undan ko‘p xorijiy mamlakatlarning temir yo‘l ma’muriyatlari bilan kelishuvlarga asosan taqdim etilgan chegirmalar bundan mustasno.

Shuningdek, yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish hamda yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechiladi.

Oilaviy tadbirkorlik uchun kreditlar alohida shartlarda beriladi

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar 3 yilgacha muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4%lik punkt yuqori stavkada ajratiladi.

Xorazm viloyatining maktab o‘quvchilariga planshetlar tarqatiladi

Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir va Xonqa tumanlarida eksperiment tariqasida, barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan ta’minlanadi.

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun bank kreditlari bo‘yicha foiz stavkalarining bir qismini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladi.

Poytaxtda davlat tibbiy sug‘urtasi joriy etiladi

Toshkent shahrining tibbiyot muassasalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va kasallik guruhlari bo‘yicha dori vositalari ro‘yxatini nazarda tutuvchi davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Xotin-qizlarni kasbga o‘qitishda yordam ko‘rsatiladi

 Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.

Iqtisodiy faoliyatni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kuchaytiriladi

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga hosilni sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining 50% miqdorida subsidiya beriladi.

 

Davlat ulushi 50%dan yuqori bo‘lgan tashkilotlar tomonidan har yili amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari qiymatining kamida 5%ini obligatsiyalar chiqarish orqali moliyalashtirish tartibi joriy etiladi.

Izlanish va rivojlanish (R&D) markazlari uchun ular tashkil etilgan kundan boshlab 3 yil muddatga mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan summa miqdorining 1% to‘lanadi, ularning xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1% miqdorida hisoblanadi.

Pedagogik kadrlarga kategoriyalar yangicha tartibda beriladi

Davlat maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini har 5 yilda bir marotaba kasbiy sertifikatsiyalash tizimi joriy etiladi. Bunda, sertifikatsiyadan o‘ta olmagan direktorlar lavozimidan ozod etiladi

Raqamli texnologiyalar vazirligi ayrim funksiyalarini xususiy sektorda o‘tkazadi

Xususiy sektorga vazirlikning quyidagi funksiyalari o‘tkaziladi:

  • aloqa sohasidagi binolar, inshootlar va boshqa ob’yektlar qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;
  • aloqa sohasidagi mahalliy, shaharlararo va xalqaro tarmoqlarni loyihalashtirish.

 Shuningdek, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan har 6 oyda inson omilisiz shakllanadigan aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining YaIDXPdagi raqamli xizmatlar va servislardan qoniqish darajasi reytingi e’lon qilib boriladi.

 Pensiya ta’minotida o‘zgarishlar

Pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytiriladi.

 Kreditorlar huquqlarining himoyasi kuchaytiriladi

 To‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonida kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirishda ularga mutlaq ustunlik beriladi.

Garovga qo‘yilgan mol-mulkni takroriy auksionda sotish mumkin bo‘lgan eng past narxni auksion ob’yekti boshlang‘ich narxining 80% miqdorida belgilanadi (mol-mulk takroriy auksionda realizatsiya qilinmasa, undiruvchiga ushbu mol-mulkni auksion boshlang‘ich narxidan 25 % past qiymatda o‘zida qoldirish taklif qilinadi).

 Undiruv qaratilgan garovga qo‘yilgan mol-mulkning ochiq kimoshdi savdosida sotilishini garovga qo‘yuvchining iltimosiga asosan kechiktirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishi jarayoni boshlanishi munosabati bilan ijro ishini tamomlash hamda mol-mulkni tasarruf qilishga doir cheklovlarni olib tashlash amaliyoti bekor qilinadi.

 5 ta hududda yo‘lovchilarni tashish tizimi «brutto-shartnoma»larga o‘tkaziladi

 Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida muntazam shahar avtobus yo‘nalishida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi ishga tushiriladi.

 Ma’muriy sudlarga da’vo kiritishda davlat boji undirilmaydi

 Ma’muriy sudlarga shikoyat qilishda fuqaro va tadbirkorlik sub’yektlaridan davlat bojini undirmaslik, bunda davlat bojini ishni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha aybdor tarafdan undirish tartibi joriy etiladi.

 O‘rmon fondi yerlari ijaraga «E-ijara» orqali beriladi

 O‘rmon fondining foydalanilmayotgan yer uchastkalarini jismoniy va yuridik shaxslarga ijaraga berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish, vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish «E-ijara» axborot tizimi orqali amalga oshiriladi

O‘rmon fondining foydalanilmayotgan yer uchastkalarini «E-auksion» platformasi orqali ijaraga berishda quyidagi hollarda ijara to‘lovining «nol» stavkasi qo‘llaniladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring