Oylik maoshlarning oshishi va boshqalar. 1-sentyabrdan nimalar o‘zgaradi?
2021-yil 1-sentyabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar haqida norma.uz portali sharh taqdim etdi.
Ish haqi va pensiyalar oshiriladi
Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori 1,1 barobarga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligi sub’yektlariga kompensatsiyalar beriladi
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga sertifikatlangan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlarini xarid qilish uchun ajratiladigan tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladi hamda kredit summasining 50%igacha miqdorida kafillik taqdim etiladi.
Texnik talonlar berilishi bekor qilinadi
Xorijiy davlatlarga chiqadigan transport vositalaridan tashqari barcha transport vositalariga texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinadi. Jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan M1 toifadagi avtotransport vositalarini tadbirkorlik sub’yektlari – yuridik shaxslar tomonidan majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalanish tartibi joriy etiladi.
Avtotransportda tashish xizmatlari – auksion orqali
Monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan birja savdolarida sotilayotgan mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlari faqat elektron logistika savdo portali orqali auksion tartibida amalga oshiriladi.
Abituriyentlarga imtiyozlar joriy qilinadi, o‘qituvchilarning ish haqi oshiriladi
- Oliy ta’lim muassasalarining «Fizika», «Biotibbiyot fizikasi», «Fizika va astronomiya» kabi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadasi g‘oliblari va fizika bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlari fizika mutaxassisliklari bo‘yicha qabul parametrlaridan tashqari davlat granti asosida magistraturaga o‘qishga qabul qilinadi;
- fizika fani bo‘yicha xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan professor-o‘qituvchilarga oylik maoshining 100%i miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi;
- fizika fanlari bo‘yicha talabalar uchun to‘garaklar olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning oylik maoshlariga 25% miqdorida har oylik ustama haq to‘lanadi.
IIV organlarida xizmatni o‘tashga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar o‘zgartiriladi
- Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibiga uzluksiz o‘quv-karera jarayoni tizimi joriy etiladi;
- ichki ishlar organlarining serjant tarkibidagi lavozimlarida xizmatni o‘tash uchun faqat oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar qabul qilinadi.
Masofaviy ta’limga nisbatan talablar yumshatiladi
Nodavlat ta’lim muassasalari uchun masofaviy (onlayn) ta’limga asoslangan nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida binolarning mavjud bo‘lishi haqida talab bekor qilinadi.
Tashuvchilar uchun agregatorlar
Yakka tartibdagi tashuvchilar o‘z faoliyatini faqatgina agregatorlar xizmatidan foydalangan holda amalga oshiradi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida yangi jarimalar joriy etiladi
- Ayrim turdagi xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan mahsulotlarning muvofiqligini baholash muvofiqlikni deklaratsiyalash yo‘li bilan amalga oshiriladi. Baholash sinov natijalariga ko‘ra tuziladigan sinov bayonnomalari asosida muvofiqlik sertifikati berilmagan holda amalga oshiriladi;
- texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun jazo choralari belgilandi.
Sport ommaviylashtiriladi
- Kamondan otish sport turi bo‘yicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralashning uch bosqichli tizimi joriy etiladi;
- har yili ot sporti bo‘yicha xalqaro turnirlar o‘tkaziladi;
- «Sport hamma uchun» loyihasi amalga oshiriladi;
- hududlarda yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish maqsadida Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi 5 yilda g‘olib va sovrindor (1-3 o‘rin) bo‘lgan sportchi-trenerlarga, shuningdek, olis va chekka hududlarda faoliyat yurituvchi sportchi-trenerlarga:
- sport to‘garaklarini tashkil etish uchun bo‘sh turgan bino va inshootlar ijaraga beriladi;
- sport to‘garaklarini tashkil etish uchun sport inventarlari, buyumlari va jihozlarini xarid qilish uchun budjet mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratiladi;
- kamida 100 nafar yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullanishini tashkil etgan taqdirda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 10 BHMdan kam bo‘lmagan miqdorda har oylik to‘lov joriy etiladi.
Sud ekspertlari uchun – qo‘shimcha chora-tadbirlar
- Davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga ko‘ra shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq sud ekspertizasi turlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish huquqi beriladi. Bunda tadqiqot natijalariga ko‘ra mutaxassis fikri taqdim etiladi;
- iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritishda advokatga sudga qadar tayyorgarlik va sud jarayonida davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarida ekspertiza o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat beriladi. Ekspertiza shartnoma asosida advokat so‘roviga ko‘ra ekspert xulosasini sud muhokamasida taqdim etish huquqi asosida o‘tkaziladi;
- nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarini har 3 yilda bir marotaba attestatsiyadan o‘tkazish mexanizmi joriy qilinadi.
Davlat organlariga faqat tanlov orqali ishga qabul qilinadi
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50%dan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilish ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi. O‘tkaziladigan sinov tadbirlarini Internet orqali real vaqt rejimida kuzatish ta’minlanadi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar joriy etiladi
- Oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun MBning asosiy foiz stavkasi miqdorida va o‘qish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida ta’lim kreditlari beriladi;
- Toshkent shahrida Yoshlar biznes maktabi tashkil etiladi.
Onlayn-auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi belgilanadi
«E-auksion» elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi joriy etiladi. Unga muvofiq:
- ishtirokchilariga auksionda qatnashish uchun ERI kaliti sertifikati beriladi. Sertifikatlar masofadan turib, «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» DUK tomonidan bepul taqdim qilinadi;
- jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ob’yektlarni auksionga chiqarish uchun to‘lanadigan yig‘im bekor qilinadi.
Uzumchilik klasterlari tashkil etiladi
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2 nafardan 10 nafargacha xodimlardan iborat, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha doimiy loyiha ofislari tashkil etiladi;
- aholi tomorqalarida, mahallalarda uzum yetishtirishni kengaytirishning yangi mexanizmi joriy etiladi;
- uzumchilik va vinochilik klasterlari uchun yer maydonlari Prezidentning 2021 yil 8 iyundagi PF-6243-son Farmonida belgilangan tartibda ajratiladi.
Migrantlarga kompensatsiya to‘lanadi
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «labor-migration» dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan, kasb-hunar yoki xorijiy tillarga o‘qigan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga quyidagilar bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya to‘lanadi:
- xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish;
- yo‘l chiptasini xarid qilish;
- rivojlangan davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga «ishchi viza»ni rasmiylashtirish.
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar qo‘llab-quvvatlanadi
- Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda joylashtiriladi;
- ularga texnikum, kollej, akademik litsey yoki oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan davrida har o‘quv yilida bir marotaba o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar xarid qilish xarajatlari uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 5 BHM miqdorida subsidiyalar ajratiladi;
- o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining quyidagilar bo‘yicha xarajatlari 1 yilda 20 BHM miqdorida kompensatsiya qilinadi:
- nodavlat ta’lim tashkilotlarida xorijiy tillarni o‘rganish;
- oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtihon topshiriladigan 2 ta fan bo‘yicha tayyorgarlik;
- oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik, kompyuter savodxonligi va o‘zlarining qiziqishlaridan kelib chiqqan holda boshqa mos yo‘nalishlar bo‘yicha kurslarida o‘qish;
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘qishni davlat oliy ta’lim muassasalarida davom ettirganda ularga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lovlari 50%ga oshirilgan holda to‘lanadi.
Bolalarni himoya qilish davlat organlari tashkil etiladi
Bolalar huquqlari kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida quyidagilar tashkil etiladi:
- Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tarkibida Bolalarni himoya qilish masalalari shu’basi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati;
- tuman (shahar) hokimliklarida bolalarni himoya qilish shu’balari.
Kam ta’minlangan oilalarga nafaqa to‘lash tartibi o‘zgartiriladi
- 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa hamda bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi o‘rniga kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi joriy etiladi;
- yakka-yolg‘iz bo‘lgan fuqarolarga, farzandi bo‘lmagan yoki barcha farzandlari 18 yoshdan katta bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanadi;
- bolalar nafaqasining quyidagi har oylik miqdori belgilanadi:
- 250 000 so‘m – 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun, 325 000 so‘m – yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun;
- 150 000 so‘m – oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha;
- 100 000 so‘mdan – oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun;
- kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori belgilanadi – 380 000 so‘m.
Tug‘ilganlikni qayd etish – kompleks asosda
Respublika bo‘yicha tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.
Pedagog kadrlar yil davomida attestatsiyadan o‘tkaziladi
Malaka toifasini berish va saqlab qolish bo‘yicha maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish yil davomida amalga oshiriladi.
Nargiza Vohidova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter