Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-oktyabrdan nimalar o‘zgarmoqda?

1-oktyabrdan nimalar o‘zgarmoqda?

2022-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar haqida Norma.uz portali sharh taqdim etdi.

«Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonun kuchga kiradi

Qonunda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi hamda ushbu yer uchastkasi, unda joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlari uchun kompensatsiya berish tartib-taomillari belgilanmoqda.

Ko‘p kvartirali uy-joylar zilzilabardoshlik bo‘yicha tekshiriladi

 Respublika hududidagi ko‘p kvartirali uy-joylarni zilzilabardoshlik bo‘yicha xatlovdan o‘tkazish boshlanadi. Xatlov natijasi bo‘yicha eski uy-joylar o‘rnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish bo‘yicha takliflar kiritib boriladi.

Mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab qo‘yilganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etiladi

«Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimida mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab qo‘yilganligi, shuningdek taqiqlab qo‘yish bekor qilinganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etiladi.

Qoraqalpog‘iston tadbirkorlariga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi

Besh yil davomida (2028 yil 1 yanvarga qadar):

  • ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilishda, shu jumladan, eksport qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun xarid qilingan xomashyoni respublika bo‘ylab tashishda transport xarajatlarining 70%i Hukumat komissiyasi tomonidan belgilangan ro‘yxatga asosan Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi;
  • ajratiladigan kredit summasining 75%igacha, biroq umumiy qiymati 2,5 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kafilliklar taqdim etiladi.

 Quyosh va shamol elektr stansiyalarini xarid qilinganda xarajatlar qisman kompensatsiya qilinadi

 O‘rnatilayotgan tartibga ko‘ra:

  • jismoniy shaxslar mamlakatda ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyalari va quyosh suv isitgichlarini 3 yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olishlari mumkin;
  • shu kabi qurilmalarni o‘rnatgan va ularning qiymatini to‘liq to‘lagan shaxslarning xarajatlarining bir qismi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Kompensatsiya miqdori qurilmaning quvvatidan kelib chiqqan holda BHMning 5 baravaridan 50 baravarini tashkil etadi.

 Mamlakatda islohotlarni rejalashtirish tartibi o‘zgaradi 

Soha va tarmoqlarda islohotlarni amalga oshirish tartibi joriy etiladi va unga ko‘ra Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi:

  • har yili 1 oktyabrga qadar keyingi yil uchun isloh qilinadigan tegishli soha va tarmoqlar bo‘yicha ish rejani tasdiqlash uchun Kengashga kiritadi;
  • loyiha guruhlarini shakllantiradi, texnik topshiriqni shakllantiradi, konsalting tashkilotlarini jalb etgan holda tegishli soha va tarmoqlarni isloh qilish bo‘yicha “yo‘l xarita”larini ishlab chiqadi;
  • islohotlarga doir qabul qilingan NHHlarning ijrosini monitoring qiladi, ularni amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlab, bartaraf etish choralarini ko‘radi.

Ayrim tadbirkorlarga ajratiladigan subsidiya miqdori oshadi

Kasanachiga zarur asbob-uskuna xarid qilish uchun tadbirkorlik sub’yektlariga ajratiladigan subsidiya miqdori amaldagi BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi.  

O‘quv markazlariga subsidiyalar YaIDXP orqali amalga oshiriladi

Qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlariga mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan bir martalik subsidiya ajratish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti amalga kiritiladi.
 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring