1 iyundan nimalar o‘zgaradi?
Norma.uz portali 2022 yil 1 iyundan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgartirishlar sharhini taqdim etgan.
1. Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 12%ga oshiriladi va quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
- mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 920 000 so‘m;
- bazaviy hisoblash miqdori — oyiga 300 000 so‘m.
2. Tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshiriladi. Xususan:
- tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun:
- oliy va birinchi malaka toifalariga ega bo‘lganlar uchun — 15%ga;
- ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan va toifaga ega bo‘lmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun — 10%ga;
- tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun — 15%ga oshiriladi.
3. «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda o‘tkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod etiladi.
4. Faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxslar uchun quyidagi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilangan talab va shartlari kuchga kiradi:
- 21.02.2022 yildagi «Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida»gi 80-son;
- 22.02.2022 yildagi «Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida»gi 86-son.
5. Rossiya, Turkiya va Qozog‘iston hududlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari ochiladi.
6. Volontyorlar elektron platformasi ishga tushiriladi, u O‘zbekiston yoshlar portali negizida yaratilgan va quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradi:
- volontyorlarning ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlar, loyihalar va aksiyalardagi ishtiroki, shuningdek, davlat organlari faoliyatiga ko‘maklashgan davrini qayd etib borish;
- volontyorlar guruhiga kiritilgan volontyorlarni hisobga olish;
- hududlar va faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha volontyorlik yordamini jalb qilishga qiziqish bildirayotgan davlat organlari ro‘yxati hamda davlat organlarining volontyorlar bilan ishlashiga oid metodik tavsiyalar bilan tanishish.
7. Qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlari gepatit V kasalligiga qarshi bepul emlanadi.
8. «Ishga marhamat» monomarkazlarida kasb-hunarga o‘qitilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik stipendiya to‘lab beriladi.
9. Xalqaro reyting va indekslar biriktirilgan ilmiy tashkilotlar 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga oid takliflar ishlab chiqishadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter