1-iyundan boshlab pensiya ta’minoti sohasida o‘zgarishlar bo‘ldi
2021-yil 1-iyundan boshlab «uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo‘yicha aniqlangan ortiqcha to‘lovini undirish» bekor qilindi.
Davlat pensiyalari, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya hamda boshqa to‘lovlarning to‘g‘ri tayinlanishi va to‘lanishini nazorat qilish Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorat departamenti zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, pensiya va nafaqalarni to‘g‘ri tayinlanishi va to‘lanishi yuzasidan doimiy ravishda o‘rganish va tekshirish ishlari olib borilgan.
Xususan:
- Moliya vazirligining 2009-yil 29-noyabrdagi 165-sonli buyrug‘iga asosan, Nazorat-taftish boshqarmasi tomonidan 2010-yilgacha tayinlangan barcha pensiya va nafaqa ishlari 2012-yilning 1-iyuliga qadar yoppasiga o‘rganib chiqilgan;
- O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2018-yil 4-avgustdagi 21/30-18-1074-sonli alohida topshirig‘i bilan, 2013-2017-yillarda fuqarolarga barcha turdagi pensiyalarni tayinlanishi va to‘lanishi qonuniyligi tekshirib chiqildi;
- Moliya vazirligining alohida buyruqlari bilan 2013-2019-yillar davomida pensiya ishlari qayta tekshirilib, shu jumladan kameral nazorat tekshirishlari natijasida aniqlangan ortiqcha to‘lovlarni undirilishi monitoring qilingan.
Ushbu ortiqcha to‘lovlarning aksariyati fuqaroning aybi bo‘lmagan holdagi texnik xato yoki arxiv hujjatlarini to‘liq saqlanmaganligi natijasida yuzaga kelgan, shuningdek pensiya ishlarining asosiy qismi bir necha yil avval tayinlanganligi sababli pensionerlardan yirik (pensiya miqdorining bir necha barobari) miqdorda ortiqcha to‘lovlar undirish talab etilmoqda. Bu esa, keksa yoshdagi fuqarolarning haqli e’tirozlariga hamda ularning iqtisodiy holatiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatayotgan edi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, tekshirilgan pensiya ishlaridan aniqlangan ortiqcha to‘lovlarning aksariyati qismi 2020-yil 1-yanvar holatiga (qariyb 90%) bir necha yil ilgari (2017-yilgacha) tayinlanganligi sababli pensionerlardan yirik miqdorda ortiqcha to‘lovlar undirishni taqozo etib, keksa yoshdagi fuqarolarning ko‘plab haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi qaroriga asosan ortiqcha to‘langan pensiya miqdorini undirish haqidagi talablarga O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 150-moddasida belgilangan umumiy uch yillik da’vo muddati qo‘llanilishi belgilangan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-dekabrdagi PF-5291-son farmonida pensioner ortiqcha to‘langan summani ushlab qolish bo‘yicha qarordan norozi bo‘lganda, aniqlangan qarzdorlik, aniqlangan sanadan boshlab ko‘pi bilan uch yil uchun sud orqali undirish tartibi qayd etilgan.
Yuqoridagilarni hisobga olib, 2021-yil 1-iyundan boshlab uch yil va undan avval tayinlangan yoki qayta hisoblangan pensiya ishlarini tekshirish hamda ortiqcha to‘lovlarini fuqarolardan undirish tartibi bekor qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter