Zamon o‘zgaryapti, lekin monopol korxonalar o‘zgara olmayapti – Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 may kuni iqtisodiyotda raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonning jahon iqtisodiyoti bilan aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Bu esa ichki bozorda raqobat muhitini ta’minlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatdoshligini oshirishni talab etadi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga qat’iy o‘tishi jarayonida raqobat masalasi prinsipial ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
– Meni tashvishlantiradigan masala shuki, korxonalarimiz tashqi raqobatga bardosh bera oladimi? Chetdan tovar kirib kelsa, yurtimizda ishlab chiqarilgan xuddi shunday mahsulot unga raqobatchi bo‘la oladimi? Mahalliy mahsulotlarning tannarxini pasaytirsak, xorijdan o‘zlari olib ketishadi, – dedi Prezident.
Bugungi kunda 31 ta tovarlar guruhi va 82 turdagi xizmatlar bozorida 245 ta korxona monopol holatda saqlanib qolmoqda. Lekin bir qator yo‘nalishlarda raqobat muhiti shakllanib bo‘lgan 19 xil mahsulot va xizmatlar bo‘yicha 70 ta korxonani monopolistlar reyestrdan chiqarish mumkin.
– Raqobat bo‘lmasa, sifat bo‘lmaydi, narx tushmaydi. Zamon o‘zgaryapti, lekin monopol korxonalar o‘zgara olmayapti. Qat’iy choralar ko‘rish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz. Agar rahbarlar shunga munosib bo‘lsa, ishlaydi, bo‘lmasa – ketadi, – dedi Prezident.
Yig‘ilishda korxonalarning bozordagi monopol mavqeini aniqlash bo‘yicha yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish, monopol tovarlar ro‘yxatini keskin qisqartirishga qaratilgan «yo‘l xaritasi» tasdiqlash vazifasi belgilandi.
– Dunyo tajribasini o‘rganib, o‘z yo‘limizni topishimiz zarur. Monopoliyadan chiqarish, raqobatni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yakdil yo‘nalishimiz bo‘lishi kerak, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat ishtirokidagi korxonalarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan barcha rahbarlarni raqobat asoslari va komplayens bo‘yicha o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.
– Qachon raqobatga tayyor bo‘lamiz? Soha va tarmoqlarimiz tayyor bo‘lsa. Sohalar qachon tayyor bo‘ladi? Mutaxassislar bo‘lsa. Eng zaif joyimiz: malakali mutaxassislar yetishmaydi, texnologiya yo‘q, standartlar yo‘q. Shuning uchun bu sohani deyarli boshidan boshlashimiz kerak, – dedi Prezident.
Raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurashish borasida mutlaqo yangi tizim yaratish lozimligi ta’kidlandi. Oliy ta’lim tizimida raqobatni rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha alohida fakultet, kunduzgi va sirtqi o‘qish shaklini ochish, yangi fan joriy qilish va ushbu maqsadlar uchun akademik soatlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida monopol korxonalarning rahbarlari va hokimlar uchun raqobatni rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etib, o‘quv jarayoniga halqaro moliya tashkilotlaridan ekspert va professor-o‘qituvchilarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Raqobat sohasiga oid nizolarning malakali ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida Toshkent yuridik universitetida shu yo‘nalish bo‘yicha sudyalar malakasi oshirish, sudyalarni ushbu yo‘nalishda ixtisoslashtirish va alohida sud kollegiyasini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Iqtisodiyotda imtiyozlardan samarali foydalanish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Masalan, imtiyozdan foydalangan 23 ta yog‘-moy korxonasida yangi ish o‘rinlari yetarlicha tashkil etilmagan.
Aksincha, parrandachilik va baliqchilik sohalarida raqobat muhiti yaratilgani natijasida so‘nggi 4 yilda parranda go‘shti yetishtirish 100 ming tonnadan 205 ming tonnagacha, baliq 65 ming tonnadan 122 ming tonnagacha ko‘paygan.
– Parrandachilik va baliqchilik uyushmalari monopoliyadan ozod qilingani natijasi sezilyapti. Tadbirkorlar o‘zini emin-erkin his qilib, harakat qilyapti. Narx va sifat jihatidan bozorga munosib tovar va xizmatlar chiqishi kerak. Raqobat bo‘lsa, aholining tanlash imkoniyati va sotib olish qobiliyati oshadi, odamlar rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter