Yovan Yekich O‘zbekistonda vazir maslahatchisi lavozimiga tayinlandi
Tashqi savdo vazirligi va AQShning Xalqaro rivojlanish bo‘yicha agentligi (USAID) o‘rtasida 2018-yil 16-may kuni Vashington shahrida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga ko‘ra, xalqaro savdo huquqi sohasidagi ekspert Yovan Yekich Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vazirining maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
«O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi eksport geografiyasini yanada kengaytirishga, xorijiy davlatlarga mahsulot va xizmatlar yetkazish hajmini ko‘paytirishga imkoniyat yaratadi. Ma’lumki, JSTga a’zo bo‘lish jarayoni murakkab va uzoq muddatli jarayondir, va shu o‘rinda xalqaro ekspert tashkilotdagi ishtirokdan eng katta afzalliklarni qo‘lga kiritish maqsadida har tomonlama muvozanatli muzokara o‘tkazish jarayonida bizga ko‘maklashadi», — dedi tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev.
Yovan Yekich xalqaro tijoriy huquq, intellektual mulk himoyasi, bojxona qoida va tartibotlari, savdo siyosatini huquqiy tartibga solish, savdo va investitsion siyosat sohalarida 35 yildan ortiq tajribaga ega. 2001-2017-yillarda Ozarbayjon, Tojikiston hamda Serbiya va Chernogoriya hukumatlariga JSTga a’zo bo‘lish masalalari bo‘yicha konsultativ ko‘mak bergan. Ekspert Jenevadagi JST Kotibiyati vakillari va tashkilotning boshqa a’zolari muzokara guruhlari bilan konstruktiv va funksional aloqaga ega.
Yovan Yekichning faoliyatidagi asosiy yo‘nalishlar quyidagilar hisoblanadi:
- JST kotibiyatiga taqdim etish maqsadida respublikaning tashqi savdo tartibini ta’riflovchi asosiy hujjat (Memorandum)ni tayyorlashda amaliy ko‘maklashish;
JST bitimlari qoidalariga muvofiq respublikaning milliy qonunchiligiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflarni tayyorlash; - xalqaro ekspertning yaqinda JSTga qo‘shilgan boshqa mamlakatlaridagi tajribasi asosida respublikaning xalqaro konvensiyalar va shartnomalarga qo‘shilish bo‘yicha takliflarni tayyorlash;
- O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonida muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha takliflarni tayyorlash, xususan, uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazish masalalari bo‘yicha muzokara guruhi a’zolari bilan davra suhbatlari va mavzuga oid uchrashuvlarni o‘tkazish;
- JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha savdo muzokaralarini o‘tkazish masalasida taktikalar va strategiyalar mavzularida seminarlar va davra suhbatlarini o‘tkazish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter