Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangicha dehqonchiliklar, yangicha egalik

Yangicha dehqonchiliklar, yangicha egalik

Foto:Baxtiyor Mustanov

«Paxta klasteri bo‘lsa, dehqonchilikning egasi bo‘ladi.

Ertaga paxta terimida paxtaning egasi bo‘ladi, o‘zi terib oladi».

Shavkat Mirziyeyoyev,

O‘zbekiston Prezidenti

Egiluvchan quvur haqida eshitganmisiz?

Biz ham eshitmagan edik. Eshitdik. Ko‘rdik.

Paxta klasteri nimaligini ham bildik.

Hammasini Narpayda ko‘rdik.

Narpay tumaniga ijodiy safarimiz chog‘ida tuman hokimining o‘rinbosari Abduqahhor Tojiyev bizga hozircha viloyatda faoliyat yuritayotgan yagona paxta klasteri haqida, bu klaster tumandagi paxtachilikka olib kirgan yangilik haqida so‘zlab berdi.

− Prezident Shavkat Mirziyovning paxta yetishtirish sohasida ham klaster usulini qo‘llash to‘g‘risidagi topshirig‘ini bajarish maqsadida Samarqand shahridagi «Samarqand-Maroqand» korxonasiga murojaat qildik va ular taklifimizni qo‘llab-quvvatlashdi. Kerakli bitimlar imzolanib, ish boshlandi. Prezident aytganidek, paxta egali bo‘ldi. Endi uning taqdiri klasterning qo‘lida. Qanday qilib mo‘l hosil yetishtiradi, qanday qilib terib oladi, bu uning muammosi. Prezident talab qilganidek, paxta terimi uchun bitta ham muallim, duxtur, talaba jalb qilinmaydi.

Paxtadan mo‘l hosil olishdan bevosita manfaatdor bo‘lgan klaster rahbarlari paxtachilikda bizlar uchun yangilik bo‘lgan sug‘orish tizimini joriy qilishdi. Albatta, bu usul oldin Isroilda qo‘llangan, ammo bizda ilk marta ishlatilayapti. Bu − egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish. Bu sug‘orish usulining foydasini, qulayligini ko‘rgan barcha fermer xo‘jaliklari shu tizimga o‘tishga qaror qilishdi.

Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal deydilar. Bizni ana shu yangilik joriy etilgan xo‘jalikka olib borishlarini so‘radik. «G‘alaba» MTPga bordik. Besh gektarlik paxta dalasi egiluvchan quvur yordamida bir tekis, sifatli sug‘orilayotganini ko‘rdik. Egiluvchan quvur deganlari aslida uzun sellofan xaltaga o‘xsharkan. Xaltadan ancha mustahkam bo‘lib, uncha-bunchaga teshilmasligi uchun uni egiluvchan quvur deb nomlashibdi. Uning har 60 sm joyida kichik teshikcha qilingan va o‘sha teshiklardan har bir g‘o‘za jo‘yagiga bir xil miqdordagi suv bir xil bosimda tushayapti. Suv bir xilda sekin oqayotgani bois g‘o‘zalar bir xilda namiqib suv ichishmoqda. Oldindan bir narsani aytib qo‘yay, tumanning ko‘plab paxta dalalarini ko‘rdik, ammo g‘o‘zalari bir tekis va bo‘liq o‘sayotgan bunday dalani kam ko‘rdik.

Bu usulda sug‘orishning afzalliklari, foydalari haqida raisdan so‘radik.

− Eng birinchi ko‘zga ko‘rinib turgan afzalligi dalalarimiz bir xilda namiqib, g‘o‘za to‘yib suv ichayapti, − dedi «G‘alaba» MTP raisi Orif Qalandarov. – Ikkinchidan, bu usulning afzalligi shundaki, ortiqcha mehnat sarflanmayapti. Oldin o‘q ariq olishga, g‘o‘za jo‘yaklari boshini chimlashga juda ko‘p vaqtimiz va kuchimiz sarf bo‘lar edi. O, bu juda katta hashar bilan bo‘lardi. Endi bu narsalarga hojat qolmadi. Egiluvchan quvurning o‘zi o‘qariq. Teshikchasidan tushayotgan suv esa to sug‘orish tugaguncha bir xil bosimda bo‘lishidan biror qatorga suv bormay ham qolmaydi, ko‘p borib, g‘o‘zani yuvib ham ketmaydi. Oldinlari suvchilar paxta sug‘orish davrida har bir jo‘yakni diqqat bilan kuzatib yurar, suv urib ketgan qatorlarni suv, loy kechib, ko‘mib chiqar edi. Kecha-yu kunduz suv bilan baravar yurardi suvchilar. Mana endi 10-15 kishi sug‘oradigan dalani bitta suvchi bemalol sug‘orib o‘tiribdi. U yoqdan-bu yoqqa chopmaydi ham. Katta ariqdan egiluvchan quvurga suvni boshqaradi va sug‘orib bo‘lgach, suvni yopadi, xolos. Foydasi shundaki, oldin shu besh gektar paxtani sug‘orish uchun kamida uch kecha-yu uch kunduz mehnat qilar edik va bu maydonni sug‘orish uchun 300 kubmetr suv talab qilinar edi. Egiluvchan quvur yordamida 80-100 kubmetr suv bilan bir yarim kunda sug‘orib bo‘layapmiz. Ham vaqt, ham suv, ham mehnat tejalayapti. Yana sifatli sug‘rilishini aytmaysizmi?

Shuncha afzalliklari bo‘lgan egiluvchan quvurning qancha turishi, qayerdan keltirilishi bilan qiziqdik.

Foto:Baxtiyor Mustanov

− Albatta, bu quvurlar Isroildan keltirilayotgani yo‘q, o‘zimizning Jizzaxda ishlab chiqarilayapti, − dedi Orif aka. – Narxi ham juda baland emas, besh gektar yerni sug‘orishga yetadigan egiluvchan quvurning narxi bir million uch yuz ming so‘m. Ishlab chiqaruvchilar quvurlar uch yil benuqson ishlashiga kafolat berishgan, ammo sug‘orish mavsumi tugagach, ularni yaxshilab taxlab, oftob tushmaydigan joyda saqlasak, o‘n yilgacha bemalol ishlatishimiz mumkin.

− Bu usul shunchalar foydali va qulay ekan, bunaqa sug‘orish usulini barcha dalalarda joriy qilsangiziz bo‘lmaydimi?

− O‘zi ish shunga borayapti. Hozir MTP qoshidagi 29 fermerdan 15 ta fermerimizning 560 gektar paxtazori shu usulda sug‘orilmoqda. Qolgan fermerlar ham bu usulning afzalligini ko‘rib, egiluvchan quvurlarga buyurtma berishgan. Hademay yuz foiz paxta dalalari shu usulda sug‘orishga o‘tadi. Suv tanqis bo‘lgan bu yilda bu usulda sug‘orish dolzarb masalaga aylandi.

«Bu usulda sug‘orish borligini, shu usulga o‘tish foydali ekanini sizlarga kim o‘rgatdi va bu usulning muallifi kim?» degan savollarga Orif aka dangal qilib, dehqonchasiga javob berdi:

− Bu usulda sug‘orishni maslahat bergan odam Prezident Shavkat Mirziyoyev bo‘ladi, bu usulni kim o‘ylab topgan, bilmayman, ammo dangal bitta gapimni yozing: shu egiluvchan quvurni o‘ylab topgan odamni topsam, bitta zo‘r to‘n kiydirib, qo‘y go‘shti, dumba yog‘ida bitta palov qilib beraman o‘sha odamga. Otasiga rahmat, mashaqqatli mehnatdan bizni qutqardi va suvimizni ham tejadi. Suvning esa, ko‘rib turibsiz, bu yil tomchisi tillo bo‘layapti.

Shuncha ishlarni ko‘rib, paxta klasteri rahbarlari bilan ko‘rishmasak, gaplashmasak adolatdan bo‘lmas edi. «Samarqand-Maroqand» korxonasi vakili Farhod Quddusov bilan suhbatlashdik.

− Viloyatda paxta ishiga mo‘ljallangan yagona klasterni tashkil qildik, bu uchun Narpay tumani rahbariyati bizga 7150 gektar yerni ajratib berdi. Sakkizta MTP hududidagi fermerlar klasterimizga jalb qilingan. Biz chigit ekishdan tortib, paxtani yig‘ib olib, qayta ishlashgacha o‘z zimmamizga olganmiz. Dehqonlar esa bizdan mehnatlariga, bajargan ishlariga yarasha haq olishadi.

− Haq olish tartibi qanday? Ular olayotgan maoshlariga rozi bo‘lishayaptimi?

− Har holda ular xursand, har yilgidan yaxshiroq maosh olayapmiz deyishmoqda. O‘rtamizda qolsinu, klasterga o‘tmagan fermerlarning dehqonlaridan ortiq maosh olishayotganini o‘zlari aytishmoqda.

− Ayni kunlarda sizlarning faoliyatingiz nimalardan iborat bo‘lmoqda?

− Fermerlarga lizing asosida ular so‘ragan texnikalarni sotib olib berayapmiz. Suv juda tanqis ekan, artezian quduqlarini kavlab berayapmiz. Paxtazorlarni sug‘orish uchun egiluvchan quvurlarni sotib olib, o‘rnatib berayapmiz. Bundan tashqari biz uchun ishlayotgan dehqonlarning yaxshi ishlashi, vaqtida dam olishi uchun sharoit yaratayapmiz, oilasi, ro‘zg‘oridan xabardor bo‘layapmiz. Ular klaster uchun ishlagach, bizlardan rozi bo‘lishi, qilgan mehnatiga yarasha daromad olishi, boy bo‘lishi kerak. Ana shunda keyingi yilda ham bizlar bilan ishlashga o‘zlari talabgor bo‘lishadi.

− Prezident paxta terimiga o‘qituvchilar, shifokorlar, talabalarni jalb qilmaslikni talab qilmoqda, terim mavsumida nima qilmoqchisiz? Paxtani qanday terib olasiz?

− Avvalo, mehnatlariga yarasha haq to‘lasak, fermer va dehqonlarning o‘zlari terib olishadi. Mabodo shoshib qoladigan bo‘lishsa, korxonamiz ishchilarinigina terimga jalb qilishimiz mumkin. Chetdan bitta ham hasharchi olib kelmaymiz.

− Terib olingan paxtani nima qilasizlar?

− Yuz foiz o‘zimiz qayta ishlaymiz, Prezident ta’kidlaganidek, chet elga xomashyo sotmaymiz, tayyor mahsulot sotamiz.

Narpay dalalarida mehnat qilayotgan dehqonlarga ham, fermerlarga ham, klasterchilarga ham, tuman rahbarlariga ham ishlarida omad, zafarlar tiladik.

G‘alla xirmoni kabi paxta xirmoningiz ham ulkan bo‘lsin!

Karimberdi To‘ramurod,

«Xabar.uz» muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring