Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi soliq kodeksi «Open space» formatida muhokama qilindi

Yangi soliq kodeksi «Open space» formatida muhokama qilindi

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi jamoatchilik bilan aloqalar xizmati

19-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM)da yangi tahrirdagi soliq kodeksi loyihasining «Open space» formatidagi muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi jamoatchilik bilan aloqalar xizmati xabar berdi.

ITIM direktori O. Xakimov davra suhbati ishtirokchilarga, Birinchi Hukumat Akseleratori «Open space» maydonchasida sohalarda yuzaga kelgan masalalarni yechish zarurati tug‘ilganda mutaxassislar, ekspertlar, davlat tashkilotlari vakillarini jalb etgan holda bir maqsadda birlashtirishga mo‘ljallanganligini ta’kidladi.

Ta’kidlash joizki, yangi tahrirdagi soliq kodeksi loyihasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuchga kiruvchi hujjat bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda yangi loyiha soliqqa tortish masalalarini, shu jumladan soliq stavkalarini tartibga soluvchi qonun osti hujjatlarining qoidalarini o‘z ichiga oladi. Hujjat xorijiy mamlakatlar tajribasidan unumli foydalangan holda amaliyotdan o‘tgan tamoyillarini va soliq yig‘ish usullarini o‘z ichiga oladi.

Shu bilan birga, yangi tahrirdagi soliq kodeksi loyihasining umumiy qismi (soliq ma’murchiligi masalalari) va maxsus qismi (soliqlarni hisoblash va to‘lashning asosiy qoidalari) ga bo‘linishni nazarda tutuvchi amaldagi tuzilmasi saqlanib qolgan.

Yangi tahrirdagi soliq kodeksi loyihasida soliqlarni hisoblash va to‘lash mehanizmini takomillashtirish, shuningdek, soliq solishning barcha elementlarini spetsifikatsiya qilish va tartibga solishni ko‘zda tutadi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining o‘rinbosari D. Sultonov tadbirkorlar tomonidan soliq organlariga nisbatan asosiy da’vosi korrupsiya va malakasiz xodimlar tomonidan ortiqcha tekshirishlar bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi.

Unga ko‘ra, barcha tekshiruvlar Davlat soliq qo‘mitasi orqali soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sxemalarini aniqlash va oldini olish mexanizmlari asosida o‘tadi. Shu bilan birga, yirik soliq to‘lovchilar, soliq qonunchiligini amalga oshirish darajasidan qat’iy nazar, vaqti-vaqti bilan tekshiriladilar.

Shuningdek, mutaxassislar qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tishdi:

– Kameral tekshiruvdan keyin QQS bo‘yicha «manfiy» saldoni qaytarish huquqi beriladi. Soddalashtirilgan tartibda «manfiy» saldo yirik soliq to‘lovchilar va bank kafolatini taqdim etgan xo‘jaliklarga qaytariladi. Asosiy vositalarni, shu jumladan ko‘chmas mulkni sotib olish (qurish) uchun bir martalik QQS joriy etiladi. Shuningdek, QQSni xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan amalga oshirishning amaldagi tartibi o‘rniga imtiyozga ega bo‘lgan elchixonalar va xalqaro tashkilotlarga soddalashtirilgan sxema bo‘yicha qaytarish taklif etiladi. Norezidentlar tomonidan ko‘rsatiladigan elektron xizmatlar soliqqa tortiladi. Xususan, davlat mulkini ijaraga berish bo‘yicha QQS joriy etiladi va xususiy sektorda raqobatni yuzaga keltirishga zamin yaratadi. Bundan tashqari, hisob-kitoblarni taqdim etish va to‘lash muddatlari qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, katta bo‘lmagan xo‘jalik sub’yektlari uchun (aylanma mablag‘i har chorakda 1 mlrd. so‘mdan kam bo‘lmagan xo‘jalik sub’yektlariga) hisob-kitobni taqdim etish muddati har chorakda belgilanadi.

Mutaxassislar yangi tahrirdagi soliq kodeksi loyihasini ikki yil davomida monitoring qilish shaklida tajribadan o‘tkazishni taklif qilishdi. Monitoring davomida, mutaxassislar fikr bildirishlari va tegishli o‘zgartirishlar kiritishlari mumkin bo‘ladi.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring