Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Virtual pullar kelajak valyutasimi yoki ulkan qalloblik quroli?

Virtual pullar kelajak valyutasimi yoki ulkan qalloblik quroli?

Kriptovalyutalarning eng mashhuri va qimmati bitkoindir

Foto: www.likeni.ru

Virtual pullar kelajak valyutasimi yoki ulkan qalloblik quroli?

Hozirda iqtisod olamida eng ko‘p shov-shuv ko‘tarayotgan vositalar kriptovalyutalardir. Aynan kriptovalyutalar tortishuvlar va ziddiyatlarga sabab bo‘layotgani ham bor gap. Kimdir bu vositalarni to‘lov vositasi emas, shunchaki qachondir yoriladigan pufak yoki piramida deb atayotgan bo‘lsa, yana kimdir kelajakda aynan kriptovalyutalar oddiy yoki bizning tasavvurimizdagi odatiy pullarni siqib chiqarishi haqida bong urmoqda. Ikkinchi toifadagilar ko‘proq shekilli, virtual valyutalar qiymati oshgandan-oshib boryapti. Xo‘sh, aslida-chi, kriptovalyutalarga ishonish mumkinmi? O‘zbekistonda bu vositalarga munosabat qanaqa?

Muhtaram o‘quvchining kriptovalyutalarga bo‘lgan munosabatini shakllantirishga urinmagan holda bu savollarga javob izlashga harakat qilamiz.

Kriptovalyutalarning eng mashhuri va qimmati bitkoindir. Lekin har qanday boylik manbalari singari ularning ham turlari ko‘p. Eng mashhurlari quyidagilardir:

  1. Bitsoin
  2. Ethereum
  3. Ripple
  4. IOTA
  5. Litesoin

Biz ham virtual pullar bozorining deyarli 70 foizini egallagan bitkoin misolida raqamli pullar imkoniyatlarini o‘rganamiz.

Bitkoin nafaqat virtual, balki real shaklda ham mavjud.
Foto: «Geektimes»

Demak kriptovalyuta:

  1. Biror davlat, tashkilot, guruh yoki inson tomonidan boshqarilmaydi. Ya’ni, uni nazorat qiluvchi ham, javobgar ham yo‘q;
  2. Qiymati faqat talab va taklifga ko‘ra o‘zgaradi. Lekin, qiymat qancha oshmasin yoki tushmasin umumiy bitkoinlar soni o‘zgarmaydi – 21 million dona;
  3. Bahosi uzluksiz oshib borayotganday tuyulsa-da, keskin tushib ketish hollari ham talaygina. Ammo, umuman olganda, qiymati keskin oshib ketgani rost. 2009 yili muomalaga kiritilganidan keyin dastlabki bir yil davomida 1000 dona bitkoin 0,3 sentga baholangan, 2010 yili 10 ming dona bitkoinga ikkitagina pitssa sotib olish mumkin bo‘lgan. Hozirda bitta virtual tanganing bahosi 17 ming dollarga yetganini hisobga olsak, bitkoin real pulga almashtirila boshlangandagi davrda unga tikilgan 100 dollar bugungi kunda 200 million dollardan oshib ketadi;
  4. Bunday valyuta bilan amalga oshirilgan har qanday operatsiya haqidagi ma’lumotlar ochiq bo‘ladi, ammo operatsiya bajaruvchi sir tutiladi;
  5. Bitkoin bilan to‘lovni ortga qaytarishning umuman imkoni yo‘q. Hatto, bu to‘lov majburlikdan yoki aldov yo‘li bilan amalga oshirilgani isbotlansa ham (aslida amalda buni isbotlashning ham iloji yo‘q);
  6. Bitkoinning muallifi va uni qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar yaratuvchisi sifatida yapon dasturchisi Satoshi Nakamoto ko‘rsatilsa-da, amalda uni yo‘lga qo‘ygan biror inson shaxsiyati ma’lum emas. Hattoki, Satoshi Nakamotoning kimligi ham noma’lum;
  7. So‘nggi kurslar bo‘yicha bitkoin kriptovalyutasining umumiy qiymati AQShning moliyaviy gigantlari bo‘lgan, asrlar davomida iqtisod olami etalonlari hisoblangan Morgan Stanley, Goldman Sashs Group kabi tashkilotlarning bozor qiymatini ortda qoldirdi va haqiqiy sarosimalarni yuzaga keltirdi. Ko‘pchilik kriptovalyutalar bozorini moliyaviy ehrom deya baholab, tez orada yoriluvchi sovun ko‘pigiga qiyoslay boshladi;
  8. Virtual pullar shu qadar tez ommalasha boshladiki, ular xarid talabi bo‘yicha ming yillik yetakchisi bo‘lgan oltinni ham ortda qoldirib, so‘rov bo‘yicha mutlaq yetakchiga aylanib olishdi. Bu tizimga jiddiy qaragan Yaponiya kriptovalyutalarga rasman ruxsat berish bilan birga ulardan foydalanishni tartibga solib chiqqan bo‘lsa, Boliviya, Bangladesh, Ekvador, Nepal va Qirg‘iziston kabi davlatlar bunday valyutaga rasman taqiq qo‘ydi va ularni qonundan tashqarida deb e’lon qildi. Qolgan aksariyat davlatlar hukumatlari, jumladan, O‘zbekiston ham hozircha kutish va cheklov uslubida ehtiyotkorlik bilan kuzatish pozitsiyasini ma’qul ko‘rmoqdalar;
  9. Bitkoin nafaqat virtual, balki real shaklda ham mavjud. Uning metall tanga turida bitkoin kodi yashiringan bo‘lib, aynan o‘shalar kundalik to‘lovda ko‘proq ishlatiladi;
  10. Kriptovalyutalar tizimi xakerlar hujumiga juda ko‘p uchrayotgani qayd etilgan. Aynan xakerlar bu tizimning juda mustahkamligini qayd etgan holda, uning ortida o‘ta aqlli insonlar turganini ta’kidlaganlar.

Abror Zohidov

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring