Uzbekistan GTL – raqamlar, faktlar, taassurotlar
«O‘zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi deyarli barcha korxonalarga xos bir jihat bor – cho‘lda bo‘ladimi, boshqa joydami, zavodga olib boradigan yo‘l ko‘kalamzorlashtiriladi. Cho‘l o‘rtasida daraxtzor boshlandimi, demak yaqin o‘rtada «O‘zbekneftgaz»ning biror zavodi bor. Uzbekistan GTL ham istisno emas, korxonaga bora-borguncha daraxtzoru butazorlarni ko‘rasiz.
Zavodning o‘zi esa ishga tushgach ko‘plab masalalarga yechim bo‘lgan – bu haqda GTL’ga tashkil qilingan safar davomida atroflicha tushuncha berildi. Demak, endi raqamlarga murojaat qilsak.
Raqamlar:
- Uzbekistan GTL yiliga 307,3 ming tonna atrofida aviakerosin ishlab chiqaradi. Natijada yurtimizda ushbu yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyoj batamom qoplaganib, ayni vaqtda eksport bo‘yicha ish olib borilmoqda;
- Zavodda yiliga 724.6 ming tonna dizel tayyorlanmoqda. Bu borada ham ichki bozor batamom ta’minlandi va eksportga chiqarish ishlari jadal olib borilmoqda;
- Uzbekistan GTL korxonasida yiliga 437 ming tonna nafta va 53.4 ming tonna suyultirilgan gaz olinmoqda;
- Loyiha 10 yilda o‘zini oqlaydi. Bu borada xorijiy kreditorlar tomonidan qilingan hisob-kitoblar asos qilib olingan;
- Ichki rentabellik 10.2 foiz;
- Ish o‘rinlari soni 1 mingdan ortiq;
- Ishlab chiqarish hajmi – 1 milliard dollar;
- Bugunga qadar zavod tomonidan davlat budjetiga 700 milliard so‘mga yaqin soliqlar to‘lab berilgan;
- Uzbekistan GTL ishga tushgach yurtimizda dizel narxi barqarorlashiga sabab bo‘ldi va yoqilg‘ining tonnasi 16-18 million so‘mdan 9.5 million so‘mga tushdi.
Aviakerosin
Zavodning eng katta yutuqlaridan biri – aviakerosin masalasida importga bo‘lgan qaramlikdan batamom qutulish bo‘ldi. O‘zbekiston havo yo‘llari o‘tgan yilning oktyabr oyidan buyon an’anaviy JET A-1 aviayoqilg‘isi va GTL kerosini aralashmasidan foydalanmoqda. Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) tomonidan zavodda ishlab chiqariladigan kerosin qo‘shimcha sifatida qo‘llashga ruxsat berildi.
Yana bir yutuq esa – O‘zbekiston GTL 2021 yilda ASTM DO2 JO (aviatsiya yonilg‘isi) qo‘mitasiga xalqaro tashkilotning to‘laqonli korporativ a’zosi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Bozor
Uzbekistan GTL ishga tushgandan so‘ng duch kelingan eng katta masalalardan biri – bozor masalasi bo‘ldi. Garchi zavodda yuqori sifatli dizel va aviakerosin ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa-da, xaridorni yangi mahsulotga o‘rgatib olish oson bo‘lmadi. Vaziyat shu darajaga bordiki, ishlab chiqarilgan yoqilg‘ini saqlash uchun joy topish ham muammo bo‘lib qolgandi.
Oqibatda 2022 yilning yozida bitta liniya ishlab chiqarishdan to‘xtatildi, agar zavod yana ikki soat mahsulot sota olmaganida dizelni saqlashga joy qolmagan bo‘lardi. Tezkor olib borilgan ishlar natijasida zavod faoliyati davom ettirildi va shundan buyon sotuv ko‘rsatkichlari barqaror saqlanib kelmoqda.
Eksport
Dizel yoqilg‘isi ayni vaqtda ichki bozor ehtiyojlarini to‘liq ta’minlamoqda va qolgan mahsulot eksportga yo‘naltirilyapti. Albatta bu masala ham oson yechilgani yo‘q, xorijda hech kim Uzbekistan GTL’ni kutib turgani yo‘q edi, bozorga kirish uchun kurashishga to‘g‘ri keldi. Eng katta muammolardan biri transport marshruti masalasi bo‘ldi. Bu muammo O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga qilgan tashrifi davomida hal qilindi.
Davlat rahbari olib borgan muzokaralar natijasida Kavkaz orqali Yevropaga o‘tgan o‘rta koridorni ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Natijada GTL ishlab chiqargan mahsulot dengiz yo‘li orqali ko‘hna qit’aga yetkazib borildi. Dastlab Yevropa bozori bo‘yicha ikkilanishlar bo‘lsa, keyinchalik bu masalada hech qanday shubhaga o‘rin qolmadi – GTL ishlab chiqargan dizel xaridorgir bo‘lib chiqdi va yaxshi kutib olindi.
Ayni vaqtda Yevropadagi birgina treyderdan 30 ming tonna dizel yoqilg‘isiga talab bor. E’tiborli tomoni, xorijga eksport qilinayotgan yoqilg‘i ichki bozorga nisbatan ancha qimmat narxga amalga oshirilmoqda.
Ichki quvvat
GTLga hos bo‘lgan yana bir jihat – korxona elektr quvvatiga bo‘lgan ehtiyojini o‘zi qoplaydi. Zavod hududidagi elektr stansiyasida 85 MVt elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Natijada nafaqat ichki ehtiyoj to‘liq qoplanadi, balki ortiqcha energiya qo‘shni korxonalarga ham yuboriladi.
Xodimlar
Uzbekistan GTL zavodi qurilishi asnosidayoq mutaxassislar tayyorlash masalasiga katta e’tibor qaratilgan edi. Bu borada avval ishga tushirilgan zavodlar tajribasi ham inobatga olindi.
Masalan, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ochilganda Farg‘onadagi korxonada faoliyat yuritgan mutaxassislar olib kelingan va boshqaruvda ba’zi muammolar paydo bo‘lgan edi. Chunki yangi qurilgan korxonada texnologiyalar ham yangicha bo‘ladi va kutilmagan tushunmovchiliklar yuzaga kelgandi.
Uzbekistan GTL ochilishi oldidan mutaxassis tayyorlashga alohida e’tibor berildi, mahalliy yoshlar xorijda tajriba oshirib keldi va zavod ochilishiga deyarli to‘liq kadr tayyorlab bo‘lindi. Ayni vaqtda korxonada 1000dan ortiq xodim faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 99 foizini mahalliy yoshlar tashkil qiladi.
Zavod ishlashi uchun gaz yetadimi?
Uzbekistan GTL qurilishi oldidan kreditorlar tomonidan barcha jihatlar qayta-qayta hisob-kitob qilingan bo‘lib, hamma risklar inobatga olingan. Unga ko‘ra, kamida 25 yilga yetadigan xom-ashyo yurtimizda mavjudligi ma’lum qilingan. Bu faqat dastlabki hisob-kitoblar bo‘lib, geologlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlarga ko‘ra tabiiy gazning yangi zaxiralari aniqlab borilmoqda.
Ayni vaqtda Uzbekistan GTL faoliyati uchun xom-ashyo yetmay qolishi haqida hech qanday risk yo‘q. Zavod qurilishi uchun dunyoning yetakchi banklari kredit ajratgan bo‘lib, ular biror loyihaga shunchaki pul tikmaydi, balki hamma jihatlar hisob-kitob qilinadi. Unga ko‘ra O‘zbekistonda dizel yoqilg‘isiga bo‘lgan talab yillar davomida qanday o‘zgaradi, eksport salohiyati qanaqa bo‘ladi, barchasi inobatga olingan.
Dizelga talab
Ta’kidlash lozim, O‘zbekistonda dizelga ishlaydigan texnikalar yaqin vaqtga qadar juda oz edi, xozir ham ko‘p emas, ammo borgan sari oshib bormoqda. Ilgari bunga shunchaki imkoniyat yo‘q edi, yoqilg‘i quyish shahobchalarida dizel sotilmagan yoki kam sotilgan va topish qiyin bo‘lgan. Natijada tadbirkor yo boshqa turdagi texnika sotib olgan, yoki mavjud texnikani metan gazga moslashtirgan. Ammo xozirgi kunda dizelga bo‘lgan talab ichki bozorda ancha oshib bormoqda.
Narx bo‘yicha prognozlar
Uzbekistan GTL qurilishi oldidan olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra zavod ishlab chiqargan dizelning tonnasi 560 dollardan sotilishi rejalashtirilgan edi. Xozirda dizel narxi bundan qimmatroq bo‘lib, bu ham kelajak prognozlari istiqbolli ekanini bildiradi.
Ekologiya
Zavod qurilishi oldidan kreditorlar tomonidan nafaqat iqtisodiy risklar, balki ekologik risklar ham inobatga olingan. Qurilish uchun qancha daraxt, saksovul kesilishi, tabiatga o‘tkaziladigan ta’sir, barchasi inobatga olingan. Hatto zavodga qo‘shni qishloqlar aholisi fikri ham inobatga olingan. Barchasi baholangan va talabga javob bergani uchun qurilish boshlangan.
Bu tekshiruv xozirga qadar davom etib kelmoqda. Xalqaro tashkilotlar tomonidan muntazam ravishda ekologik reydlar o‘tkaziladi, mahalliy aholi fikri o‘rganib borilmoqda.
Istiqbol
Agarda Uzbekistan GTL qurilishi oldidan turli fikrlar aytilgan va ba’zi mutaxassislar uning istiqboli borasida shubhaga borgan bo‘lsa, ayni vaqtda zavodning istiqboli borasida fikrlar ijobiylashib bormoqda. Joriy yilning avgust oyidan Yevropaga eksport boshlandi va dastlab Estoniyaga 1 ming tonna dizel yoqilg‘isi eksport qilindi. Bu yo‘nalish bo‘yicha talab oshib bormoqda va oyiga 10 ming tonna qadar oshishi kutilyapti.
Shuningdek Batumi orqali 20 ming tonna dizel eksport qilindi va bu yo‘nalishda talab oyiga 30 ming tonnaga oshishi rejalashtirilgan. Xozirda Uzbekistan GTL mutaxassislari eksport bozorini yana-da kengaytirish ustida ish olib bormoqdalar va yaqin vaqtlar ichida yangiliklar bo‘lishi kutilyapti.
Bu haqda batafsil ma’lumot esa kelgusi press-turlar davomida berilishi va’da qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter