Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ustyurt kengliklaridagi gaz buloqlari (video)

Ustyurt kengliklaridagi gaz buloqlari (video)

Ming yillarki inson olovdan quvvat olib keladi – «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan Ustyurt kengliklariga tashkil etilgan safardan katta taassurotlar bilan qaytishimizga ishongandik, lekin ko‘rganlarimiz kutganimizdan ham a’lo chiqdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bir kunda bir yilga tatiydigan taassurot bilan qaytdik.

Biz kutgan «ekshen» hali konga yetib bormasdanoq boshlandi. Mo‘ynoqqa yetmay chapga qayrilib, cho‘lga kirganimiz hamono «O‘zbekneftgaz»ning quduq qaziydigan minorali burg‘ulari ko‘zga tashlandi. Hali yetib bormasimizdan esa kuchli shovqin eshitildi, xuddi to‘rtta vertolyot bir joydan havoga ko‘tarilayotgandek. Hamkasblar bir-biriga savolomuz tikildilar: nima bu?

Garchi shu sohada u yer, bu yerga borib, oz-moz tajribaga ega bo‘lsam-da, men ham hayolimga kelgan taxminni darrov aytishga ikkilandim, chunki quduqdan chiqayotgan gazning shovqini bunchalik bo‘lmasdida?!

Konga yetib borganimizda esa o‘sha tusmolni aytavermaganimga afsus qildim. Darhaqiqat kondan gaz otilib chiqayotgan ekan, ammo bunaqa vajohat bilan chiqayotgan gazni men ham oldin ko‘rmagan ekanman – gazchilarimiz Quyi Berdaq konida, 4 200 metr chuqurlikda yangi gaz bulog‘i ochibdi. Buloqki, sutkasiga bir million metr kubdan ortiq gaz beradi.

Shovqini ham shunga yarasha. Yonida tura olmaysiz. Xursandchiligini aytmaysizmi...

Quduqni ko‘rdik, tasvirga oldik, lavhalar tayyorladik. Shundan so‘ng rejadagi ikkinchi ob’yekt tomon yo‘l oldik. Gazni olgan yaxshi, ammo uni shundayligicha iste’molchiga quvurdan uzatib yubora olmaysiz. Chunki uning tarkibida turli birikmalar bo‘lib, tozalash lozim bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 martdagi «2017- 2021 yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni ko‘paytirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori asosida 2019 yil dekabr oyida ishga tushirilgan «Arslon» gazni kompleks tayyorlash qurilmasida aynan shunday ishlar bajariladi. Kompleks 2 ta past haroratli separatsiyalash tarmoqlaridan iborat bo‘lib, har biri kuniga 3,0 mln kub metr yiliga 2,0 mlrd kub metr tabiiy gazni kompleks tayyorlash quvvatiga ega.

Bu yerda «Arslon», «Quyi Surgil», «G‘arbiy Quyi Surgil» konlaridan qazib olinayotgan gaz tarkibidan qatlam suvi, mexanik birikmalar hamda suyuq uglevodorodlar ajratib olinib, davlat standarti talablariga yetkaziladi va «O‘ztransgaz» AJ magitral gaz quvurlariga uzatiladi. Bir so‘z bilan aytganda, tabiiy gaz turli zaharli moddalardan tozalanib, iste’molga yaroqli qilib beriladi.

Shu o‘rinda aytib o‘taylik, O‘zbekistonda yil o‘tgani sari gaz iste’moli o‘sib bormoqda. Buning bir qator sabablari bor – tadbirkorlik rivojlanyapti, ishlab chiqarish korxonalari ko‘paymoqda, ularning barchasiga gaz kerak. Qolaversa, elektr energiyasi ishlab chiqarishning salmoqli qismi, 85 foizi ham IESlarda gaz yoqish orqali olinadi. Aholi iste’moli ham oshib bormoqda.

Bu esa o‘z navbatida gaz tanqisligini ham keltirib chiqaryapti. Demak, gaz qazib olish hajmini oshirish lozim. «O‘zbekneftgaz» bu borada bir qator ishlarni rejalashtirib qo‘ygan.

Bizga ma’lum qilishlaricha, so‘nggi ikki yilda Ustyurt boshqarmasining o‘zida uglevodorodlarni qazib chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bajarilishi hisobiga 57 ta yangi quduq burg‘ilangan, 95 ta quduqlar mukammal ta’mirlandi, 100 km dan ortiq har xil turdagi gazni tashuvchi quvurlar qurib ishga tushirildi.

Ayni kunlarda esa gaz qazib olish istiqbolini yanada oshirish uchun juda katta tadbirga qo‘l urilgan – yurtimiz tarixida ilk marta 6 500 metr chuqurlikda gaz qidirish ishlari olib borilmoqda. Buning uchun katta chuqurlikdagi (4500-6500 metr) qatlamlarda uglevodorod uyularini izlash maqsadida «G‘arbiy Quyi Surgil» maydonida 6500 metr loyihaviy chuqurlik bilan parametrik quduq burg‘ilanmoqda.

Ishonamiz, bu quduq o‘zbek gazchilari tarixida yangi sahifa ochib beradi.

Ustyurtdan qaytayotganimizda kun oxirlagan, quyosh botayotgan edi. Biz uchun birmuncha og‘ir, ammo juda sermazmun bo‘lgan kun shu tariqa yakuniga yetdi.

Zafar QOSIMOV
Toshkent – Mo‘ynoq - Ustyurt

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring