Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turmushida og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga eng kam ish haqining 100 baravari miqdorigacha mikrokredit beriladi

Turmushida og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga eng kam ish haqining 100 baravari miqdorigacha mikrokredit beriladi

Foto: «Xabar.uz»

Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga 2018-yilda 150 milliard so‘m ajratish, 2019-yildan boshlab esa budjet parametrlarida 300 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha mablag‘lar ajratishni nazarda tutish belgilandi.

Mazkur mablag‘larning kamida 50 foizi «Mikrokreditbank» ATB, «Agrobank» ATB va Xalq banki ATBda kredit liniyalarini ochish va keyinchalik mazkur banklar tomonidan respublika tumanlari va shaharlarida yangi ish o‘rinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi kichik va mini-loyihalarni amalga oshirish uchun mikrokreditlar ajratish maqsadida yo‘naltiriladi.

Mikrokreditlar eng kam ish haqining 500 baravarigacha bo‘lgan miqdorda 3 yillik muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasi, shu jumladan, tijorat bankining ajratiladigan kredit stavkasining 50 foizi miqdoridagi marja bilan taqdim etiladi.

Bunda mikrokreditlar ishsiz shaxslarga, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga, turmushida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, kam ta’minlangan oilalarning a’zolariga va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga garov ta’minotisiz eng kam ish haqining 100 baravari miqdoridan oshmagan hajmda ajratilishi mumkin.

Birinchi marta mikrokredit olgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uni olgan sanadan boshlab 6 oy mobaynida qat’iy belgilangan soliq to‘lashdan ozod etiladi.

Qishloq tumanlarida (bundan aholi soni 5 ming kishidan ko‘p bo‘lgan aholi punktlari mustasno) sartaroshxona xizmatlarini, yakka tartibdagi buyurtmalar bo‘yicha kiyim tikish xizmatlarini, poyabzal ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni tashkil etgan, shuningdek, jamoat hammomlarini tashkil etgan yakka tartibdagi tadbirkorlar 2023-yil 1-iyulgacha barcha turdagi soliqlar to‘lashdan ozod etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring