Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tadbirkorlar o‘rtasida QQS bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda

Tadbirkorlar o‘rtasida QQS bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda

So‘nggi kunlarda eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘lgan qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan bog‘liq tushunmovchiliklarni bartaraf etish maqsadida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan shahar prokuraturasi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda joylarda aholi va tadbirkorlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda boshqarmaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi xabar qildi.

Jumladan, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi rahbari N.Tursunov, Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari A.Po‘latov poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida faoliyat yuritayotgan «KRANTAS» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ishlab chiqarish korxonasi rahbari hamda hisobchisi bilan o‘zaro fikr almashib, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lash tartibi haqida batafsil ma’lumot berdi.

«Soliq xizmati organlari tekshiruvchi emas, xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan idoraga aylanmoqda. 

O‘rni kelganda aytish joizki, soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, joriy yildan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining 12 foizlik yagona stavkasi joriy etildi. Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan 8 foizli sug‘urta badali butunlay bekor qilindi. Natijada 2019 yilda shahrimiz fuqarolari ixtiyorida 1342,5 milliard so‘m mablag‘ qolishi kutilmoqda. 

Shuningdek, yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirildi. Davlat maqsadli jamg‘armalariga yuridik shaxslarning oboroti (tushumi)dan undiriladigan 3,2 foizli majburiy ajratmalar bekor qilindi. Ushbu pasaytirishlar hisobiga joriy yilda poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ixtiyorida 702,2 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ qolishi kutilayapti», deyiladi xabarda.

Shuningdek, mutaxassislar Mirobod tumanida joylashgan «EASY TAXI SERVICE» MChJga qarashli umumiy ovqatlanish korxonasiga ham tashrif buyurib, tushuntirish ishlarini olib borishdi.

Ma’lum qilinishicha, soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarni soliq to‘lovchilarga tushuntirish hamda qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida har bir tuman davlat soliq inspeksiyasining «Telegram» kanali ishga tushirilgan. Tadbirkorlik sub’yektlari soliq qonunchiligi bo‘yicha qo‘shimcha savollar yuzasidan Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining 71-244-54-86 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring