Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sirdaryo IESning 6ta energoblogi modernizatsiya qilinadi

Sirdaryo IESning 6ta energoblogi modernizatsiya qilinadi

«O‘zbekenergo» AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev hamda Rossiyaning «Silovie mashini» OAJ kompaniyasi bosh direktori Timur Lipanov boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zbekenergo» AJ Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumki, Prezidentimizning 2017-yil 29-dekabrdagi «Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida energobloklarni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoyishi hamda Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qaroriga muvofiq, 2018 – 2021-yillarda Sirdaryo IESning 6 ta energoblogini modernizatsiya qilish belgilangan.

Foto: «O‘zbekenergo» AJ Matbuot xizmati

Muloqotda «O‘zbekenergo» AJ Boshqaruv raisi Ulug‘bek Mustafoyev barcha sohalar qatori elektr energiya sohasida ham O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini e’tirof etdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-oktyabrdagi «Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2018-yil 3-noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ikki tomonlama strategik hamkorlikni va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlariga ko‘ra, elektr energiyasi sohasidagi loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirilishi chora-tadbirlari nazoratga olingan.

– Sirdaryo IESda 6 ta energoblok modernizatsiya qilinishi evaziga ularning ish samaradorligini oshirish, har bir energoblokning o‘rnatilgan quvvatini 300 MVt.dan 325 MVt.ga va amaldagi quvvatlarini 250 MVt.dan 325 MVtga ko‘paytirish, yoqilg‘ining solishtirma sarfini har bir kVt. uchun 35-40 gr.ga kamaytirish va buning natijasida tabiiy gazni tejash ko‘zda tutilgan, – deydi «Silovie mashini» OAJ kompaniyasi Bosh direktori Timur Lipanov. – Shu bilan bir qatorda, modernizatsiya qilingan energobloklarning xizmat davrini kamida yana 20 yilga oshirishga erishiladi.

Muloqotda ko‘zda tutilgan loyihalar ijrosini qisqa muddatlarda ta’minlash hamda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring