Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi birinchi innovatsion kinoteatr loyihasi bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Termiz shahridagi «ZIF Textile» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi.
Ushbu zamonaviy korxonani barpo etish uchun qurilishi tugallanmagan bino 16 milliard so‘m investitsiya kiritish sharti bilan «nol» qiymatda berilgan edi. Zarur qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, zamonaviy sexlar, omborxona va ma’muriy xonalar bunyod etildi. Germaniya, Italiya, Turkiyadan tikuvchilik dastgohlari keltirib o‘rnatildi. Mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Davlatimiz rahbari korxona faoliyati bilan tanishdi, bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi, mutaxassis va tikuvchilar bilan suhbatlashdi.
Prezidentimiz bu kabi zamonaviy korxonalarni ko‘paytirish, mahsulotni eksport qilish zarurligini qayd etdi.
Korxona joriy yilda 29 million dollardan ziyod qiymatdagi bolalar va kattalar kiyimlari, jinsi shim ishlab chiqarib, 8,8 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilishni rejalashtirgan. 2021 yilda korxonaning yillik quvvati qariyb 50 million dollarga yetkazilib, 34,7 million dollarlik eksport mo‘ljallanmoqda.
Shu yerda «Janub textile» MChJning ip-kalavadan tayyor mahsulot ishlab chiqarish klasteri hamda O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma korxonasini tashkil etish, Termiz tumanidagi Sulton Saodat ziyoratgohini ta’mirlash va obodonlashtirish, mamlakatimizning Avstriya, Tojikiston va Afg‘onistondagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga oid taqdimotlar o‘tkazildi.
Shu yerda «Kinomobil» – O‘zbekistondagi birinchi innovatsion kinoteatr loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Uning tashabbuskori «Cinema Servis» MChJ bo‘lib, loyiha Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Ko‘chma kinoteatr MAN avtomobili negizida ishlab chiqilgan, isitish va ventilyasiya tizimi bilan jihozlangan. Tomoshabinlar filmlarni Dolby 5+1 tovush tizimi bilan 2D va 3D formatlarida tomosha qilishi mumkin. Mobil kinoteatr 30 daqiqa ichida ishga tushadi hamda 80 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Beshta tashabbusga hamohang ushbu innovatsion loyiha yurtimizning olis va chekka hududlari aholisi, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizga respublikamiz hududlarida zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish loyihasi to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga qurilish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli yakunlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter