Shakar narxining keskin oshishi mumkinligiga rasmiy izoh berildi
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda ichki bozorda 1 kg shakarning o‘rtacha narxi 9 500 – 13 000 so‘m doirasida shakllanmoqda, shuningdek, ayrim savdo nuqtalarida shakar narxining 14 000 so‘mgacha ko‘tarilgani kuzatilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston bozorlarida shakar narxining oshishi yuzasidan ko‘plab xabarlar tarqaldi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot bergan.
Xabar berilishicha, qo‘shni va boshqa MDH mamlakatlarida shakar narxi 52 foizga (so‘m ekvivalentida qo‘shni mamlakatlarda 14 000 so‘mdan 21 000 so‘mgacha) o‘sishi bilan bir qatorda, ushbu mahsulot taqchilligi bilan bog‘liq muammo va xatarlar yuzaga kelayotgani kuzatilmoqda.
«Bozor iqtisodiyoti sharoitida hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining mintaqa va boshqa davlatlar iqtisodiyotlari bilan tashqi savdo borasida hamkorlikning kengayib va erkinlashib borishi holatida mamlakat ichidagi narxlarni qo‘shni davlatlardagiga nisbatan keskin farq qiluvchi darajada saqlab turishning deyarli imkoni bo‘lmaydi», deyiladi rasmiy izohda.
Bildirilishicha, joriy yil mamlakatda shakar ishlab chiqarish hajmi yanvar-may oylarida o‘tgan yil shu davriga nisbatan 35 ming tonna yoki 16 foizga ko‘proqni (224 ming tonnadan 259 ming tonnagacha oshgan), ya’ni taklif hajmi oshganligiga qaramay (birja orqali sotilgan hajm 177 ming tonnadan 186 ming tonnagacha ko‘paygan) shakar narxi, asosan, tashqi omillar ta’sirida o‘sishi kuzatilgan.
Vazirlik izohida aytilishicha, respublikada shakar tanqisligi mavjud emas va ichki bozorni yil yakuniga qadar shakar bilan to‘yintirish bo‘yicha barcha zaxiralar yaratilgan.
Jumladan, shakarga bo‘lgan talabning mavsumiy oshishi sharoitida (meva-sabzavotlarni konservatsiya qilish mavsumi) narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida birja savdolariga chiqariladigan shakar hajmi joriy yil iyun oyidan boshlab 50 foizgacha oshiriladi. Birjadagi savdolarga qo‘yilayotgan shakar hajmi amaldagi 2 000 tonnadan 3 000 tonnagacha oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Toshkentda qolipli non narxi 2800 so‘mgacha ko‘tarilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter