Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari kuchli yog‘ingarchilik oqibatlari haqida gapirdi
Xalqaro Press klub sessiyasida ishtirok etgan qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Teshayev mavjud suv resurslari va ulardan foydalanish haqida gapirarkan, bu yil respublikamizdagi mavjud suv omborlarida yetarlicha suv yig‘ilganini aytgan. Bu haqda «O‘zA» yozmoqda.
Hozirgi kunda ham suv omborlariga suv yig‘ish ishlari davom ettirilmoqda.
O‘tgan yili qish va bahor oylarida yog‘ingarchilik miqdorining ko‘p yillikka nisbatan 25-30 foizga kam bo‘lganligi oqibatida daryolarda suv sathi keskin kamayib, me’yorga nisbatan 65-70 foizni tashkil etgan.
«O‘zgidromet» markazining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning mart va aprel oyida respublikaning barcha hududlarida yog‘ingarchilik miqdorini o‘tgan yillarga nisbatan 1,5-2 barobar, ayrim hududlarda 3 barobargacha ko‘p bo‘lganligi sababli bugun tuproqdagi namlik keskin oshib ketdi.
Ob-havo noqulay va seryog‘in kelgan yillarda paxta yetishtirish ancha qiyinlashgan va kutilmagan jiddiy muammolar yuzaga kelgan. Xususan, namlik me’yoridan yuqori bo‘lgan maydonlarda qatqaloq yuzaga kelishi, g‘o‘za nihollari nimjon unib chiqib, kasalliklarga tez chalinuvchan va zararkunandalarning zararli ta’siri yuqori bo‘lishi kuzatilgan.
Bunday paytlarda dehqonlar va fermerlarimiz g‘o‘za parvarishida har yilgidan ham ko‘proq mas’uliyat bilan ilmiy asoslangan tavsiyalar va ko‘p yillik tajribalarga tayangan holda ish ko‘rishlari kerak bo‘ladi.
Namlikni kamaytirish, havo va issiqlik aylanishini yaxshilash maqsadida tuproqni mayin, donador holatga keltirish uchun ko‘chat 65-70 foiz unib chiqqan maydonlarda qator orasiga ishlov berish ishlarini boshlash tavsiya qilinadi.
Avvalroq, aprel oyidagi yomg‘irlar yurtimizdagi suvomborlariga qanday ta’sir qilgani haqida ma’lumot berilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter