Shavkat Mirziyoyev «G‘ijduvon ipak tola» korxonasi faoliyati bilan tanishdi
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev «G‘ijduvon ipak tola» korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda bu tarmoqda ham klaster tizimi joriy etilgan bo‘lib, 74 ta pilla-ipakchilik klasteri va 11 ta urug‘chilik korxonasi tashkil qilgan. Tut maydonlari 40 ming gektardan 55 ming gektarga kengaygan. Bularning natijasida pilla yetishtirish hajmi 2,5 barobar, ipak mahsuloti eksporti 3 barobar ko‘paygan.
«G‘ijduvon ipak tola»da ham klaster tizimi yo‘lga qo‘yilib, yiliga 48 tonna xom ipak va 28 tonna ipak momig‘i ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Unga G‘ijduvon va Shofirkon tumanlari biriktirilgan bo‘lib, ozuqa bazasi uchun o‘tgan yili 2 million 300 ming tup tut ko‘chatlari ekilgan. Ikki tumanda 28 ming nafar aholi ish bilan ta’minlangan.
Korxonada pilla xomashyosi to‘liq qayta ishlanadi. Bu yil ikki marta hosil olinib, 842 tonna pilla xomashyosi yetishtirildi.
Bu 104 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish hamda 4 million dollardan ziyod eksport qilish imkonini beradi.
Shavkat Mirziyoyev pilla qurtxonasi va hosilini ko‘zdan kechirdi. Pilla genetikasini rivojlantirib, sifat toifasini oshirish, klasterlar faoliyatiga ilmni olib kirish zarurligini ta’kidladi. Namunali klasterlarda boshqa pillakorlarni o‘qitib, ilg‘or texnologiyalarni ommalashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter