Prezident Yakkabog‘dagi yong‘oqzor va bodomzorni borib ko‘rdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yakkabog‘ tumanida «Sag agro Yakkabog» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilayotgan yong‘oqzor va bodomzorni borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bog‘lar davlatimiz rahbarining joriy yil yanvar oyidagi Qashqadaryoga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida tashkil etildi. Prezidentimizning 2017-yil 1-iyundagi «Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori buning uchun qulay sharoit yaratdi.
Bugungi kunda 700 gektar maydonda yong‘oqning «Chendler», «Cisco» va bodomning «Avijor», «Guara» navli ko‘chatlari o‘tqazilgan. Kelgusi yil yana 440 gektarga ko‘chatlar ekiladi.
Yong‘oqlar 4 yilda, bodomlar 3 yilda hosilga kiradi. Shundan so‘ng yiliga 7 ming tonnaga yaqin mahsulot olish mumkin bo‘ladi. Mahsulotlarning 60 foizini eksportga chiqarish rejalashtirgan.
— Qashqadaryoda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha katta salohiyat bor. Yakkabog‘da ham hosildor yerlar, dehqonchilikni yaxshi biladigan odamlar ko‘p. Bundan to‘g‘ri foydalanib, bog‘dorchilikni rivojlantirish, aholini ham oziq-ovqat bilan, ham ish bilan ta’minlash mumkin, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois ko‘chatxonalar tashkil etib, aholi tomorqalari uchun mevali daraxtlar yetkazib berish zarurligi ta’kidlandi. Yong‘oq, bodom va boshqa bozorbop mevalar yetishtirishni ko‘paytirish, agronomlarni zamonaviy agrotexnik tadbirlar bo‘yicha o‘qitish uchun tayyorlov kurslari tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz boqqa yong‘oq ko‘chati o‘tqazdi.
Shu yerning o‘zida Qashqadaryo tumanlaridagi zaxira yer maydonlarida pista, achchiq bodom, yong‘oq va chakanda plantatsiyalarini tashkil etish, Qamashi davlat o‘rmon xo‘jaligida kurkachilikni rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Viloyatda baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik, qorako‘lchilik bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter