Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev BAA tashrifida qabul qilingan kelishuv va bitimlar ijrosi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev BAA tashrifida qabul qilingan kelishuv va bitimlar ijrosi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 1-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirishni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Avval xabar qilinganidek, davlatimiz rahbari Abu-Dabi va Dubay shaharlarida Abu-Dabi Amirligi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum, ushbu mamlakat hukumati a’zolari va qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan sermahsul uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.

Ikki tomonlama tadbirlar yakunida Qo‘shma bayonot hamda qator muhim kelishuvlar, jumladan, umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Ushbu kelishuvlar innovatsiyalar, neft-gaz tarmog‘i, an’anaviy va muqobil energetika, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim kabi o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qamrab olgan.

Ta’kidlash joizki, tashrif davomida BAAning oliy darajadagi rahbariyati O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar va yangilanishlarni bir necha bor e’tirof etib, ularni to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Amirliklar ishbilarmon doiralari mamlakatimizga tobora katta qiziqish bildirayotgani O‘zbekistonga ishonchning ortib borayotganidan dalolat beradi.

Prezidentimiz erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida va so‘zsiz ijrosini ta’minlash lozimligini qayd etib, samarali usul va mexanizmlarni joriy etgan holda qabul qilingan «yo‘l xaritasi»ni amalga oshirishni darhol boshlash muhim ekanini ta’kidladi.

BAAning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshiriladigan ustuvor qo‘shma loyihalar sifatida «Navoiy» quruqlik porti va erkin iqtisodiy zonasini rivojlantirish, mamlakatimizda uglevodorodlar qazib olishni ko‘paytirish va ularni chuqur qayta ishlash, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi va boshqa mavjud IESlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini, Sirdaryo viloyatida ammiak va karbamid ishlab chiqarish zavodini barpo etish va boshqalar belgilandi.

Bundan tashqari, agrosanoat klasterlarini tashkil etish va mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining eksport salohiyatini yuksaltirish, Samarqand shahrida turizm va kommunal infratuzilmani, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini, jumladan, Abu-Dabi taraqqiyot fondi ishtirokida ta’sis etilayotgan nizom jamg‘armasi 1 milliard dollar bo‘lgan investitsiya kompaniyasi mablag‘larini jalb etgan holda qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sohasidagi sheriklikni kengaytirish, «Masdar» kompaniyasi va Al Xalifa universiteti bilan ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida BAAda o‘z vakolatxonasini ochadi. 

Davlatimiz rahbari «yo‘l xaritasi»da belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, tarmoq kompaniyalari rahbarlariga eng qisqa muddatda investitsiya loyihalarining tarmoq jadvalini tasdiqlash va loyihalarni amalga oshirishni boshlash, oliy darajada erishilgan O‘zbekiston-BAA kelishuvlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring