Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pokiston O‘zbekistonga go‘sht eksport qilishni boshladi

Pokiston O‘zbekistonga go‘sht eksport qilishni boshladi

Illyustrativ foto

Pokiston O‘zbekistonga go‘sht yetkazishni boshladi, deb xabar berdi «Nigoh» telegram-kanali.

Xabarda aytilishicha, 40 ming dollarlik go‘shtning birinchi partiyasi (18 tonna) kelasi hafta Toshkentga yetib keladi. Mart oyida yana 50 ta konteynerda go‘sht (jami 900 tonna) jo‘natilishi kutilmoqda.

Pokistonning «Shaheen» kompaniyasi rahbari Malik Sher Xon Pokiston imtiyozli savdo to‘g‘risidagi shartnomalar tuzilganidan keyin O‘zbekiston bozoriga diqqat bilan qaray boshlaganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 4-mart kuni ikki davlat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Imron Xon tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazish imkoniyati borligini ta’kidlab, Transafg‘on temir yo‘lini yanada rivojlantirishga kelishib olgan edi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bir necha yillardan buyon transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish choralarini ko‘rmoqda. Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, «Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘li qurilishi Pokistonni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan, O‘zbekistonni Karachi, Gvadar va Qosim portlariga olib chiqadigan eng yaqin, arzon va xavfsiz yo‘lak yaratadi. Bu temir yo‘l mintaqalarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuboradi.

2021-yil noyabr oyida O‘zbekistondan birinchi tranzit yuk Pokistonga yetib borgan edi. Pokiston tomoni buni «hamkorlikning yangi davri boshlanishi» deb baholadi.

Ko‘p o‘tmay Pokiston O‘zbekistondan yuk tashuvchilar uchun bojxona tartib-taomillarini soddalashtirdi — yuk mashinalari kirish to‘lovi bo‘yicha depozit to‘lamasdan mamlakatga kirishi mumkin, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring