Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbank zamonaviy quvur va fitinglar ishlab chiqarish loyihasini moliyalashtirdi

O‘zsanoatqurilishbank zamonaviy quvur va fitinglar ishlab chiqarish loyihasini moliyalashtirdi

Joriy yilning 13 oktyabr kuni O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan «Asia polyplast» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga press-tur tashkil etildi. Unda ommaviy axborot vositalari xodimlari xalqaro standartlarda 600 turga yaqin plastmassa mahsulotlari ishlab chiqarayotgan korxona faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Prezidentimiz tomonidan 2019 yil 20 fevralda «Qurilish materiallari sanoatini tubdan takomillashtirish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingandan buyon yurtimizda tarmoqni boshqarish tizimining samaradorligi oshdi. Ilg‘or texnologiyalarga asoslangan va mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlashga qaratilgan ko‘plab loyihalar shakllantirilib, ularni ishga tushirish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Natijada keyingi yillarda tarmoqda sifatli, arzon, energiya tejamkor bo‘lgan innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar soni sezilarli darajada ortdi.

Xususan, Zangiota tumanida faoliyat yurituvchi «Asia polyplast» jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan polipropilen va polietilendan quvurlar, fitinglar hamda turli ro‘zg‘or buyumlari sifati, dizayni va ko‘rki bilan qisqa davrda o‘z xaridorlarini topdi.

Press-tur davomida jurnalistlar korxonaning ishlab chiqarish quvvatidan tortib, uni buyurtmachilar va iste’molchilarga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar bilan yaqindan tanishtirildi.

– Polipropilen va polietilen mahsulotlariga qo‘yiladigan birinchi talab – ular o‘ta mustahkam, uzoq yilga bardoshli va elastik xususiyatlarga ega bo‘lishi lozim, – deydi «Asia polyplast» MChJ rahbari Umid Abulov.– Biz boshidanoq ishlab chiqarishni ana shu standartlarda yo‘lga qo‘ydik. Bunda dunyo peshqadamlaridan bo‘lgan turkiyalik mutaxassislardan tajriba orttirdik, xom ashyo borasida ham mahalliy, ham Koreya mahsulotlarini tanladik. Tinimsiz izlanishlar, har jabhada qilingan to‘g‘ri tanlov va, albatta, hamkorlik masalasida bank ishonchi maqsadimizga yetishda muhim omil bo‘ldi.

«Asia polyplast» korxonasiga O‘zsanoatqurilishbank tomonidan 11,6 mln. dollar hajmida kredit ajratildi. Ushbu mablag‘lar hisobiga Italiya, Germaniya, Xitoy va Turkiya davlatlaridan polipropilen, polietilen va polivinilxlorid quvurlar hamda turli fitinglar ishlab chiqaruvchi ilg‘or texnologiyalar keltirib o‘rnatildi.

Korxonaning ishlab chiqarish jarayoni zamonaviy texnologik uskunalar asosida to‘liq avtomatlashtirilgan. Ammo, shunga qaramay yangi loyiha bilan yana 40ga yaqin qo‘shimcha ish o‘rni barpo etildi.

Bugungi kunda «Asia polyplast» jamiyati tomonidan yiliga 112,5 mlrd. so‘mlik 5 million metr kvadrat polimer materiallaridan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Shundan 670 500 dollar qismi qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda..

– Bizning sohada sinov-laboratoriya ishlari juda muhim, – deydi Umid Abulov. – Mahsulotlarimizning xalqaro andozalarga javob berishini korxonamiz negizida tashkil etilgan zamonaviy va sertifikatlangan laboratoriya markazi faoliyati kafolatlab berayapti. Doimiy monitoring ishlari orqali esa, assortimentni yangilab borish va sifatni bir maromda ushlashga erishayapmiz.

«Asia polyplast» polipropilen va polietilen quvurlari hamda fiting mahsulotlarining yaroqlilik muddati 50 yilgacha. Ulardan foydalanish soddalashtirilgan bo‘lib, og‘ir uskunalarga ehtiyoj sezilmaydi. Bu iste’molchilar xarajatlarini sezilarli darajada tejaydi.

Press-tur davomida ishtirokchilar korxonaning ro‘zg‘or buyumlarini ishlab chiqarish sexidagi ish jarayonini ham ko‘zdan kechirdi. Turli yorqin rangdagi idishlar sifati va dizayni bo‘yicha tushunchalarga ega bo‘ldi.

Bank Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring