«O‘zmilliybank» va Chexiya eksport banki o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi
Joriy yilning 11 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining Chexiya Respublikasiga tashrifi doirasida Praga shahrida O‘zbekiston-Chexiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va yirik korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish maqsadida «B2B» va «B2G» formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Biznes forum yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘rtasida innovatsion texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi sohalari, oziq-ovqat, farmatsevtika, transport, elektrotexnika, to‘qimachilik, metallurgiya va bank-moliya yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga doir muhim kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi. 30 million yevro miqdorida xorijiy kredit liniyasini jalb etish bo‘yicha «O‘zmilliybank» va Chexiya eksport banki o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bank-moliya sohasida erishilgan muhim kelishuv bo‘ldi.
Mazkur kredit liniyasining asosiy afzalligi kichiq va o‘rta biznes loyihalarini Chexiya eksport kredit agentligi (EGAP) tomonidan qoplanadigan qulay shartlarda moliyalashtirish imkoniyati hisoblanadi. Ushbu kredit liniyasining mablag‘lari biznes forum yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni moliyalashtirish, jumladan aviatsiya sohasini qo‘llab-quvvatlash, transport infratuzilmasini rivojlantirish va turli texnologik uskunalarni modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi.
Bu kichik va o‘rta biznes sub’yektlariga yangi loyihalarni ishga tushirish va joriy tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish imkonini beradi. Natijada respublikamizning barcha viloyatlarida yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
«O‘zmilliybank» AJ
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter