«O‘zbekneftgaz»: Korxona va boshqarmalarda elektr ta’minoti uzluksizligini ta’minlash uchun avariyaga qarshi maxsus brigadalar tashkil etildi

Ma’lumki, shu kunlarda respublikamizning barcha hududlarida havo haroratining anomal isib ketishi natijasida ayrim hududlarda elektr qurilmalari va tarmoqlarida iste’mol yuklamasining ortishi hamda nosozliklarning kelib chiqishi kuzatilmoqda. Shu bois, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘i bilan aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxona va boshqarmalarda ishlab chiqarish va qayta ishlash reja ko‘rsatkichlarini o‘z vaqtida bajarish maqsadida korxonalarning elektr ta’minoti tizimlarini uzluksizligi va ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha bir qator amaliy chora-tadbirlar jadal suratlarda amalga oshirilmoqda.
Anomal issiq natijasida yuzaga kelayotgan noqulayliklarni hamda elektr qurilma va tarmoqlardagi favqulodda holatlarni oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida, «O‘zbekneftgaz» AJ Bosh energetik bo‘limi tashabbusi bilan hududlardagi korxona va boshqarmalarda avariyaga qarshi maxsus brigadalar tashkil etildi. Ushbu brigadalarga biriktirilgan mutaxassislar tunu-kun yuzaga kelayotgan barcha nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etib borishmoqda.
Natijada yuqori va past kuchlanishli elektr taqsimlash qurilmalarida, transformator punktlarida, elektr yuritgichlarda va kommutatsion apparatlarda, shuningdek, havo va kabel elektr uzatish tarmoqlarida sozlash va ta’mirlash, ishchi holatini yaxshilash, texnik tekshiruv hamda sinash ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Barcha choralar texnologik qurilmalarni uzluksiz va bir maromda ishlashini ta’minlash, mamlakatimiz aholisiga yoqilg‘i energetika resurslarini uzluksiz yetkazib berish shuningdek, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariyali uzilishlarni oldini olish hamda sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlanishida zamin yaratadi.
«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter