Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston–Yaponiya: hamkorlikka doir 14 ta hujjat imzolandi

O‘zbekiston–Yaponiya: hamkorlikka doir 14 ta hujjat imzolandi

10 yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston–Yaponiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakatning IT, energetika, raqamli transformatsiya, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, tibbiyot va farmatsevtika kabi sohalarda faoliyat yurituvchi 200 ga yaqin yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Forum ochilishida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat davlat vaziri Ryosuke Kozuki so‘zga chiqdi.

L.Qudratov O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanishining asosiy omillaridan biri ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi yuksak ishonch ekanini ta’kidladi. Vazir O‘zbekistonda investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan samarali qonunchilik normalari joriy etilgani, muhandislik kommunikatsiyalari, infratuzilma, energiya resurslari bilan ta’minlanganlik darajasi yaxshilangani, iqtisodiyotda davlat ishtiroki qisqartirilgani va keng ko‘lamli xususiylashtirish jarayoni boshlanganini qayd etdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Yaponiya kompaniyalari rahbarlari O‘zbekiston hukumatining ikki davlat biznes hamkorligi ko‘lamini kengaytirishni jadallashtirish niyatida ekaniga ishontirildi.

Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat davlat vaziri Ryosuke Kozuki ham O‘zbekiston bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratilayotganini urg‘uladi.

Qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida axborot texnologiyalari, muqobil energetika, ta’lim, tibbiyot, turizmni rivojlantirish, raqamlashtirishni kengaytirish sohalari belgilab olindi.

Anjuman yakunida ta’lim, axborot texnologiyalari, muqobil energetika va tibbiyot, geodeziya va kartografiyada kosmik texnologiyalardan foydalanish sohalarida 14 ta hujjat imzolandi.

Keyingi yillarda Toshkent va Tokio munosabatlari tobora mustahkamlanmoqda. Avval xabar berganimizdek, 2022 yil dekabr oyida O‘zbekiston va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilingandi. Yaponiya tomoni O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni ijobiy baholab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni kengaytirishga shay ekanini bildirgan.

Yaponiyaning Toshkentdagi elchisi Takashi Hatori ham Kunchiqar o‘lka kompaniyalari O‘zbekistondagi biznes loyihalariga katta umid bog‘layotgani haqida gapirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring