Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning eng sanoatlashgan tumanlari ma’lum qilindi

O‘zbekistonning eng sanoatlashgan tumanlari ma’lum qilindi

Foto: Xabar.uz

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari hududlar bo‘yicha sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishning rivojlanish darajasini baholadi.

Tadqiqotda mamlakatdagi hududiy nomutanosibliklar tumanlar bo‘yicha baholandi va bunda qiyosiy tahlil va guruhlash usullaridan foydalanildi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish darajasi bo‘yicha respublika hududlari 4 guruhga ajratildi:

I guruh sanoati nisbatan rivojlangan tumanlar (aholi jon boshiga ishlab chiqarish hajmi respublika darajasidan yuqori – 2021-yilda 12,9 mln. so‘m) - hududida asosiy yirik sanoat ob’yektlari (asosan yoqilg‘i-energetika, kimyo kompleksi, mashinasozlik, metallurgiya) joylashganligi bilan ajralib turadigan 16 ta tumanni o‘z ichiga oldi.

II guruhga sanoatning rivojlanish darajasi o‘rtacha (aholi jon boshiga ishlab chiqarish hajmi respublika ko‘rsatkichidan 5 baravargacha kam) bo‘lgan 101 ta tuman kiritildi. Ular respublikadagi tumanlarning 62,3% ini tashkil etadi. Bu hududlar iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishga (yengil, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari) ixtisoslashgani, rivojlangan yoki rivojlanayotgan kichik biznes sub’yektlari bilan ajralib turadi. Ularning asosiy qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasi (11 ta), Andijon (11 ta), Buxoro (9 ta), Navoiy (7 ta), Namangan (8 ta), Toshkent (10 ta) viloyatlarida joylashgan.

III guruh sanoatning rivojlanish darajasi nisbatan past hududlar (aholi jon boshiga ishlab chiqarish hajmi respublika ko‘rsatkichidan 10 baravargacha kam) bo‘lib, 37 ta tumanni o‘z ichiga oladi. Bunday tumanlar resurslar bilan ta’minlangan Qashqadaryo (5 ta), Samarqand (5 ta), Surxondaryo (5 ta), Farg‘ona (4 ta) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (4 ta) joylashgan bo‘lib, ularning ishlab chiqarish jarayonidagi ishtirokini maksimal darajada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilishi lozim.

IV guruhga (aholi jon boshiga ishlab chiqarish hajmi respublika ko‘rsatkichining 10 baravaridan kam) markazdan uzoqda yoki tog‘oldi zonasida joylashgan 8 ta tuman (Baxmal, Yangiqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Oltinsoy, Denov, Boysun, So‘x) kiradi. Bu hududlar sanoati asosan ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlarni ishlab chiqarish hisobiga shakllangan bo‘lib, uni yanada rivojlantirish uchun tadbirkorlik va investitsiya faoliyatini faollashtirish, qulay muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish zarur.

Umuman olganda, 2018-2021-yillarda sanoatning o‘rtacha rivojlanish darajasiga ega bo‘lgan tumanlar soni 83 tadan 101 taga ortib, rivojlanish darajasi pastlari 46 tadan 37 taga hamda qoniqarsiz ko‘rsatkichlarga ega bo‘lganlari soni 14 tadan 8 taga kamaydi. Bu holatni mahalliy salohiyat va resurslardan samarali foydalanish, qishloq joylarda tadbirkorlik va investitsion faollik ortishining samarasi sifatida izohlash mumkin.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, hududlarda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishning rivojlanish darajasini aniqlash ularda sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini beradi. Masalan, I guruh tumanlarida hududiy-ishlab chiqarish klasterlarini yaratish, II guruhda iqtisodiy o‘sish drayverlarini faollashtirish, III va IV guruhlarda rivojlangan va o‘rta darajada rivojlangan hududlarning salohiyatidan foydalangan holda hududlararo loyihalarni tashkil etish imkoniyatlari mavjud.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring