O‘zbekistonni rivojlantirishning strategik konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda
Toshkent shahridagi Inha universitetida bugun, 28-iyun kuni «O‘zbekiston Respublikasini 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi» mavzuida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zA» xabar berdi.
«Buyuk kelajak» xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti va «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, diplomatik korpus, tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro va jamoat tashkilotlari, ilmiy markazlar vakillari, olimlar, ishbilarmonlar, 20ga yaqin mamlakatdan kelgan 60 dan ziyod xalqaro ekspertlar, yoshlar, xorijda yashayotgan yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekistonni 2035-yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli rivojlantirishning strategik konsepsiyasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Dunyoning turli mintaqalarida ta’lim olayotgan yoki mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlarning davlat boshqaruvi institutlarini isloh qilish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, investitsiyalar bozorini qo‘llab-quvvatlashga keng jalb qilinishi O‘zbekistonning pragmatik siyosatini aks ettirishi qayd etildi.
– Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining Oksford shahrida dunyoning qadimiy muzeyi – Eshmolean joylashgan, – dedi «Buyuk kelajak» xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti eksperti Umid Obidxo‘jayev. – Undagi Markaziy Osiyoga bag‘ishlangan bo‘limda mashhur ispan sayyohi Rui Gonsales de Klavixoning xotiralari o‘rin olgan. Qaydnomalarda Samarqanddagi oddiy kundalik buyumlar Parijdagi san’at durdonalariga qiyoslanadi. Biz bugun mamlakatimizning sanoat mollariga shunday baho berilishini istaymiz. Sessiya yig‘ilishlarida bu kabi muammolarni bartaraf etish va taraqqiyotning yuqori ko‘rsatkichlariga erishish borasidagi qarashlarim bilan o‘rtoqlashdim.
Xalq farovonligi zamin qarida emas, balki tafakkurda. Shu ravnaqning keyingi bosqichi quyosh va shamol energiyasidan unumli foydalanishda namoyon bo‘lmoqda. Bu cheksiz, ekologik barqaror energiya manbaidir. Yaqin yillarda mazkur manbalar har bir korxona va uy xo‘jaligi uchun maqbul tanlov va imkoniyatga aylanishiga shubha yo‘q.
Bu kabi fikr-mulohazalar sanoat infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan sessiya yig‘ilishlarida atroflicha muhokama qilindi.
– Biz to‘qnash kelayotgan masalalar va javobini kutayotgan savollarning aksariyati rivojlangan mamlakatlarda qisman o‘z yechimini topgan, – dedi xalqaro ekspert Hasan Rajabboyev. – Mana shu tayyor va inkor etish qiyin bo‘lgan tajriba bilan o‘rtoqlashish, mukammal bo‘lmasa-da, xolis va amaliy fikrlarni bildirish maqsadida mazkur forum tashkil etildi. Asosiy maqsadimiz mamlakatimizda kechayotgan islohotlar yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, meriotokratik tizimni rag‘batlantirish, innovatsion siyosatning turkumlarini yaratishdan iboratdir.
Tadbirda O‘zbekistonni 2035-yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli rivojlantirishning strategik konsepsiyasini ishlab chiqishdagi asosiy yo‘nalishlarni belgilash, kengash a’zolaridan iborat iqtisodiyot, davlat boshqaruvi va ijtimoiy soha yo‘nalishida ishchi guruhlari faoliyatini jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Moliya, innovatsiyalar, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ilm-fan, turizm, madaniyat sohalarida ilg‘or xorijiy tajribani o‘zlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter