Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yangi agentlik tashkil etildi

O‘zbekistonda yangi agentlik tashkil etildi

Foto: Xabar.uz

Respublikada o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident farmoni e’lon qilindi.

Farmon bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tashkil etildi.

Shuningdek, «O‘zagrokimyohimoya» AJ va hududiy «Agrokimyohimoya» AJlar hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan o‘tkazish va ro‘yxatga olish bo‘yicha davlat komissiyasi tugatildi.

O‘simlik zararkunandalari, kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurashda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ushbu yo‘nalishda zarur ishlov berish texnikalari, agrometeostansiyalar, biolaboratoriya jihozlari va boshqa uskunalar xarid qilinishda davlat tomonidan 2024-yil 31-dekabrga qadar qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy qilinadi:

a) quyidagilar Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilinadi:

summasi 10 milliard so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 barobaridan oshmaydigan milliy valyutada ajratiladigan kreditlar uchun foiz to‘lovlarining xarajatlari, Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 7 foiz punktdan ko‘p bo‘lmagan qismi;

tijorat banklari tomonidan ekvivalenti 10 milliard so‘mdan oshmaydigan xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar uchun –tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, biroq 3 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda foiz;

b) ajratiladigan kredit ta’minotining 50 foizigacha, biroq 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kafillik taqdim etadi.

«Agrobank» ATB tomonidan o‘simlik zararkunandalari, kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurashda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga laboratoriyalarni tashkil etish, uskuna va texnikalarni sotib olish hamda aylanma mablag‘lari uchun 200 milliard so‘mlik kredit liniyasi ochiladi.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida, shu jumladan, o‘simliklarni himoya qilish sohasida ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, mutaxassislar va aholining bilim darajasini oshirish maqsadida «Agrobank» ATB qoshida «Fermerlar maktabi» tashkil etilgan.

O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti va sohadagi izlanuvchilarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi innovatsion tadqiqotlarni amaliyotga joriy qilganlik uchun 10 milliard so‘m miqdorida grant ajratilgan.

Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Agentlik faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring