O‘zbekistonda 2021-yildan elektrotraktorlar ishlab chiqariladi
O‘zbekistonda ham zamonaviy elektrotraktorlar ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha ish boshlandi. Ushbu loyihani amalga oshirishda «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ Avstriyaning dunyoga mashhur «AVL» kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.
Kompaniya matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga xabar berishicha, bu haqda shu yilning 12-fevral kuni «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ rahbariyati hamda «AVL» kompaniyasi vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilingan.
Uchrashuvda «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ tarkibidagi tizim korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan 100 ot kuchigacha bo‘lgan traktorlarni to‘liq elektrlashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan. Unga ko‘ra, 2019-yil yakunigacha «AVL» kompaniyasi yangi elektrotraktorlarning konseptual loyihalarini tayyorlaydi. Ilk namunalar esa O‘zbekistonda 2021-yilda ishlab chiqariladi.
«Bunday zamonaviy traktor modellari 180 kvli elektrodvigatellarga ega bo‘ladi va deyarli shovqin chiqarmaydi. Shu bilan birga ularni ta’mirlash juda oson bo‘ladi. Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, bunday zamonaviy elektrotraktorlardan foydalanish fermerlar va dehqonlarning yoqilg‘i hamda ehtiyot qismlari uchun katta mablag‘ sarflashlarining oldini oladi» – deydi «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ boshqaruvi raisi Muxtor Karimov.
«O‘zagrotexsanoatxolding» AJ dunyo miqyosida neft va neft mahsulotlari, asosan, dizel yoqilg‘isi narxi oshib borayotganligi sababli, elektrotraktorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter