Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi muammo muhokama qilindi

O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi muammo muhokama qilindi

Dastlab tomonlar Qozog‘istonning «Jibek-Joli» chegara-bojxona postida muzokaralar olib borishdi, unda asosiy e’tibor shu kunlarda o‘zbek-qozoq chegara o‘tkazish punktlarida kuzatilayotgan yuk avtotransport vositalarining tirbandligiga qaratildi.

Sayyor uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasidan Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ilxom Muxtorov va Qozog‘iston Respublikasidan Moliya vazirligi huzuridagi Davlat daromadlari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bakitjan Slyamov, shuningdek, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Beybut Atamqulov, ikkala davlat chegara nazorati rahbariyati vakillari ishtirok etishdi.

Ayni vaqtda yurtimizda pishiqchilik mavsumi ham boshlangan bo‘lib, noyabr oyiga qadar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksporti kundan kunga oshadi. Mazkur omillar natijasida o‘zbek-qozoq chegara o‘tkazish punktlarida shu kunlarda jami hisobda mingga yaqin yuk avtotransport vositalarining tirbandligi kuzatilmoqda.

Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekistoning «G‘ishtko‘prik», «Yallama», “Sirdaryo» chegara bojxona postlari, «Malik», «Oq oltin» o‘tkazish punktlari, Qozog‘istonning esa «B.Konisbayev», «Atameken» kabi chegara bojxona postlarida ham bo‘lib, mavjud vaziyatni joyida ko‘zdan kechirishdi, tirbandlikda turgan haydovchilar bilan yaqindan muloqot qilishdi.

Tomonlar muammoni tezkorlik bilan bartaraf etishga qaratilgan takliflarni atroflicha muhokama qilishdi.

Xususan, O‘zbekiston tomoni asosan kunduzgi vaqtda faoliyat yurituvchi «Malik» (O‘zbekiston) – «Sirdaryo» (Qozog‘iston) o‘tkazish punktini sutkalik rejimga o‘tkazish, shuningdek, harakatlanayotgan haydovchilarning fuqaroligi va transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan davlatga doir cheklovlarni bekor qilish taklifini ilgari surmoqda. Buning uchun ikkala davlat o‘rtasida 2001 yilda imzolangan kelishuvlarga o‘zgartirishlar kiritish loyihasi ham ishlab chiqilgan.

Shuningdek, «Yallama» (O‘zbekiston) – «B.Konisbayev» (Qozog‘iston)  chegara-bojxona postlari orqali yuk avtotransport vositalarining o‘tkazuvchanligini sutkasiga 700 tagacha kengaytirish taklifi ham ilgari surildi. Buning uchun qo‘shimcha kuch va vositalar, xususan, ilg‘or axborot texnologiyalarini keng jalb etish nazarda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring