Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Said

Hayotda mo‘jizalar sodir bo‘ladi

«O‘zbekiston pochtasi» va o‘zbeklar pochtasi haqida

«O‘zbekiston pochtasi» va o‘zbeklar pochtasi haqida

Foto: «Xabar.uz»

23-may kuni «O‘zbekiston pochtasi» milliy pochta operatoriga rossiyalik mutaxassis Yevgeniy Birger bosh direktor etib tayinlandi. Birger bosh direktor bo‘lishidan bir kun avval Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining #MITCROADMAP2018 konferensiyasida kompaniya har yili 1,5 mln xat va 102 mingta posilkani tashishi, aholi jon boshiga yiliga 0,5 tadan jo‘natma to‘g‘ri kelishini aytgan edi. Bu ko‘rsatkich AQShda 443 ta, Buyuk Britaniyada 270 ta, Estoniyada 27 ta, Belarusda 20 taga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi.

Bir qaraganda vaziyat ancha ayanchli. Bu har bir o‘zbekistonlik bir yilda atigi yarimtadan pochta jo‘natadi degani. Aslida ham shundaymi? Nima uchun biz «O‘zbekiston pochtasi» xizmatlaridan deyarli foydalanmaymiz? Masalan men Do‘stlikka pochta jo‘natmoqchi yoki uydan pochta qabul qilib olmoqchi bo‘lsam, Olmazor metro bekati yaqinidagi Do‘stlik taksilari «pitak»iga boraman.

U yerda «Do‘stlik!», «Do‘stlik!» deb baqirayotgan taksichilar oldiga borib «Qaysi biringiz birinchi ketasiz?» deb so‘rayman. Birinchi ketadigan taksichi bilan kelishib, uning telefonidan uydagilarga qo‘ng‘iroq qilaman va mana shu raqamdagi taksichidan pochta bervorayapman deyman. Yoki, aksincha, menga qandaydir raqamdan telefon bo‘ladi va «sizga pochta bervorishdi, falon vaqtda Sobir Rahimovda («Olmazor» bekati xalq tilida haliyam Sobir Rahimov) bo‘laman» deydi. O‘sha vaqtni mo‘ljallab «Olmazor» bekatiga boraman.

Xuddi shu kabi vodiyliklar Qo‘yliqdagi vodiy pitagiga, vohaliklar (Qashqadaryo va Surxondaryo) «Ippodrom» bozoriga borib, pochta oldi-berdisini qilishadi. Pochta jo‘natish narxiga kelsak, bizning Do‘stlik tumaniga insofli taksichilar 5 ming, noinsofrog‘i 10 ming so‘m oladi. Ba’zi viloyatlarga pochta jo‘natish bitta odam puli turadi. Masalan, bir odamni 40 ming so‘mga olib ketsa, bir parcha qog‘ozni ham shu pulga olib ketishadi.

Xo‘sh, nima uchun uyimiz tagidagi, bir qadam naridagi «O‘zbekiston pochtasi» bo‘limiga kirmasdan, shaharning bir chetidagi pitakka borib, yetti yot begona (har doim ham tanish taksichilar bo‘lavermaydi) odamga pul, hujjat yoki narsa-buyumlarimizni berib yuboramiz? Bu borada mening qarashim shunday: pochta kech olib boradi, taksichi shu bugunning o‘zida aytilgan joyga yetkazadi. Agar pochta ham bugunning o‘zida uygacha jo‘natmalarni yetkazib berganda yoki rostan ham shunday bo‘lsa, bu haqda meni va boshqalarni xabardor qilib, ishonchni oqlaganida edi, ikkilanmasdan «O‘zbekiston pochtasi»ga topshirardim. Har holda jo‘natmangiz uydan-uygacha ishonchli qo‘llarda yetib borgani yaxshi-da.

Agar «O‘zbekiston pochtasi» yangi rahbar qo‘l ostida turli muammolardan xalos bo‘lib, o‘zbek pochtachilari – taksichilar kabi tez va manzilgacha ishlashni o‘rgansa va ularga nisbatan arzonroqqa ishlasa, xalq ishonchini bir qozonib olganidan keyin oshig‘i olchi bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring