O‘zbekiston dalalarida qo‘llanayotgan pestitsidlarning faqat 10 foizi original. Muammo yana nimada?
Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish davomida bir qator muammo va kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari ayniqsa Yevropaga GSP+ tizimi doirasida yo‘naltirilayotgan mahsulotlar har doim ham talabga javob bermayotgani va oqibatda ortga qaytarilayotganini keskin tanqid qildi.
— Eng muhimi, tadbirkor bu muammolardan mahsulotini Yevropaga olib borgandan keyin xabar topyapti, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xabar.uz muxbiri tizimda yana qanday muammolar borligi haqida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori Ibrohim Ergashev bilan suhbatlashdi.
— Davlatimiz rahbari bejizga ushbu sohani tanqid ostiga olmadi, darhaqiqat standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohasida muammolar yetarli va bu eksportga ta’sir o‘tkazmoqda. Agentligimiz mavjud muammolarni bartaraf etish uchun tadbirkorlar bilan ish olib boradi. Shaxsan o‘zim va barcha inspektorlarimiz tadbirkorlar, klaster va fermerlar xizmatida bo‘lamiz, — dedi Ibrohim Ergashev.
Agentlik direktorining ta’kidlashicha, tizimda muammo meva-sabzavotlarni ekilishidan tortib, to yig‘ib-terib olgunga qadar bo‘ladigan deyarli barcha jarayonlarda mavjud. Agrotexnika qoidalari va mahsulotni eksportga tayyorlash uchun kalibrovka, markirovka kabi jarayonlarni ham to‘g‘ri tashkil etish lozim.
Ayniqsa pestitsidlardan foydalanish masalasida tushunmovchiliklar ko‘p uchrab turibdi.
— Eng katta muammolardan biri shundaki — O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan pestitsidlarning 90 foizi analogdir. Faqat 10 foiz pestitsidlar original hisoblanadi.
Natijada, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida zararli toksinlar me’yordagidan ancha ko‘p qolib ketadi. Bu esa Yevropaga eksport qilishda lozim bo‘lgan GSP+ talablari buzilishiga olib keladi.
Taqqoslash uchun, Yevropaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini keng eksport qiladigan Turkiyada qo‘llanilayotgan pestitsidlarning 95 foizini original mahsulot tashkil etadi, faqat 5 foizi analogdan iborat. Ammo u ham Xitoydagi brend kompaniyalarga tegishli, — dedi Ibrohim Ergashev.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, muammoni hal qilish uchun pestitsidlarni olib kirish va qo‘llanilishi bo‘yicha nazoratni kuchaytirish, sohani raqamlashtirish lozim bo‘ladi. Buning uchun Turkiya tajribasi o‘rganiladi va amaliyotga qo‘llaniladi.
— Vaziyat shu qadar og‘irki, hatto mahsulot uzilishidan ikki-uch kun oldin ham dalaga pestitsidlar sepilmoqda. Nima uchun? Chunki dehqon va fermerlar mahsulot qadoqlangandan so‘ng unga zararkunandalar tushishining oldini olishni istashadi. Bizning bozorlarimizda bunday mahsulot sotilishi mumkin, ammo Yevropada qabul qilinmaydi.
Aslida mahsulot turiga qarab uni yig‘ib olgunga qadar bo‘lgan 20-30 kunda pestitsid qo‘llashni to‘xtatish lozim. Biz bu masalada fermer va dehqonlarimiz bilan ko‘p tushuntirish ishlarini olib borishimiz va nazoratni yanada kuchaytirishimiz kerak, — dedi agentlik direktori.
Ta’kidlanishicha, sohani raqamlashtirish va nazoratni kuchaytirish orqali tez orada vaziyatni o‘nglash mumkin.
— Biz zararkunandalarga qarshi kurashda avvalo biologik vositalardan foydalanamiz — oltinko‘z, trixogramma va brakon entomofaglari keng qo‘llaymiz. Dala maydonlarining har bir gektariga bittadan feromon tutqichlar o‘rnatiladi va unga tushadigan hasharotlar turiga qarab fermer va dehqonlarga pestitsidlarning qaysi turidan va qanday miqdorda solish mumkinligiga oid tavsiyalarni berib boramiz, — dedi Ibrohim Ergashev.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktorining ma’lum qilishicha, joriy yilda Jahon banki moliyasi hisobiga O‘zbekistonda agrokimyoviy laboratoriya qayta jihozlanadi. Oqibatda eksportga yo‘naltirilayotgan mahsulotlar sifatini nazorat qilishda qulayliklar paydo bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter