O‘zbek tekstil sanoati nima uchun mavsumiy? Prezident ushbu masala yechimi bilan tanishdi
O‘zbek tekstil sanoati rivojlanib bormoqda. Bunga gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Qarang, deyarli har oy qayerdadir yangi korxona ochilyapti.
Ammo bir muammo bor — deyarli hamma korxonalarimiz ishi mavsumiy ahamiyat kasb etadi. Kech bahor, butun yoz va kuzning boshlanishida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tekstil mahsulotlariga talab oshadi. Chunki bizning paxtadan tayyorlangan yozgi kiyim-kechaklar xaridorgir. Ammo sovuq tushishi hamono talab ham kamayadi.
Nima uchun?
Chunki qishning sovuq kunlarida kiyiladigan issiq kiyimlar (kurtka, jemfer va hokazo) tayyorlash uchun paxtaning o‘zi kamlik qiladi. Buning uchun viskoza va poliestr kabi sun’iy tola kerak. Shu vaqtga qadar O‘zbekistonda bu toladan gazlama ishlab chiqarilmas edi.
Viskoza — tabiiy sellyulozani kimyoviy usulda qayta ishlab olinadigan sun’iy tola bo‘lib, deyarli har bir o‘simlik tarkibida, hatto oddiy kashnichda ham bo‘ladi. Ammo asosan daraxt qipig‘idan olinadi (shunisi ma’qulroq). Shu sababga ko‘ra xom-ashyo O‘zbekistonga asosan Avstriya va Indoneziyadan keltirilmoqda.
Ma’lumot uchun: Viskoza tolasini olish Angliyada, 1905 yilda boshlangan, keyinchalik boshqa davlatlarga tarqalgan. Hozirda viskoza tolasi boshqa sun’iy tolalar hajmining taxm. 40—45% ini tashkil qiladi. Toladan olingan mato ekologik jihatdan toza bo‘lib, aynan shu sababga ko‘ra ommalashgan.
Viskozadan to‘qilgan gazlamani bo‘yash oson, u gigiyena talablariga javob beradi, xom ashyosi arzon. Unga paxta va poliester qo‘shib turli-tuman gazlamalar tayyorlash mumkin. Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanidagi «Oqsaroy Vortex» korxonasida aynan shu ishga qo‘l urishdi. Mana bir oydirki yangicha usulda besh xil turdagi gazlama tayyorlanmoqda.
Bu esa korxona faoliyatida bir qator ustunliklar beradi.
Birinchidan, avvallari viskozadan tayyorlangan mato Xitoydan keltirilardi va bir kilogrammi uchun 5 dollar atrofida narx belgilangandi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan matoning narxi 4 dollarga tushmoqda.
Ikkinchidan, Xitoydan keltirilgan mato tayyor bo‘yalgan holatda bo‘lardi. Xorijdagi hamkorlarda esa kiyim-kechak rangi bo‘yicha o‘ziga hos talablar bo‘ladi. Gazlama yetkazib beruvchi va tayyor mahsulotni sotib oluvchi o‘rtasidagi «oltin oraliq»ni topish esa har doim ham oson ish emas.
Uchinchidan, endi o‘zbek korxonalari avvalgidek mavsumiy emas, yil davomida barqaror ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Endi ularning faoliyati importga qaram bo‘lmaydi.
Aynan mana shu jihat Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan alohida e’tirof etib o‘tildi. Davlat rahbari Qashqadaryoga qilgan tashrifi davomida «Oqsaroy Vortex» faoliyati bilan alohida tanishdi va sun’iy mato tayyorlash bo‘yicha yana bir qator takliflar berdi. Xususan, endi viskoza va poliesterdan mato olish bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshiriladi.
1. Qashqadaryo viloyatidagi 8 ta klaster birlashib, sun’iy mato ishlab chiqaradigan kooperativ tashkil etadi.
2. O‘zbekiston sharoitida viskoza tolasini olish imkoniyatlari ilmiy jihatdan o‘rganib chiqiladi. Ushbu strategik mahsulotni g‘o‘zapoyadan olish texnologiyasi tajribadan o‘tkaziladi.
3. Buning uchun tegishli vazirlik va idoralar birgalikda ish olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif davomida paxta tolasini qayta ishlash darajasini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihalar taqdimoti bilan ham tanishib o‘tdi. Davlat rahbari ayniqsa qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga urg‘u qaratgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter