Nega Farg‘onada avtobus yo‘lkirasi 500 so‘m?
Sarlavhani o‘qib hayron bo‘layotgandirsiz. Axir yo‘lkira qancha arzon bo‘lsa, yo‘lovchiga, ya’ni xalqimizga shuncha foydali emasmi? Narxni oshirishdan nima naf? Ammo bu transport deganlari o‘z-o‘zidan yurib ketavermaydida. Buning uchun muntazam sarf-xarajat qilib turish lozim. Aynan shu avtobuslarning yo‘lkirasi Toshkent va Samarqandda 1200 so‘m, qo‘shni viloyatlar bo‘lgan Namangan va Andijonda 1000 so‘m bo‘lsa, bu holatni qanday izohlash mumkin? Yoki Farg‘ona transportlari havo yoki quyosh nuri yordamida harakatlanishni o‘rganishdimikan?..
Tahririyatimizga Farg‘ona shahrida transport xizmati ko‘rsatuvchi korxonalardan murojaat kelib tushdi. Uni o‘rganish chog‘ida avtobuslar hamon o‘sha 500 so‘m yo‘lkira ilinjida amal-taqal qilib yurib turgan bo‘lsa-da, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar inqiroz yoqasiga kelib qolganligi, narxlar zudlik bilan qayta ko‘rib chiqilmasa, tez orada jamoat transporti yo‘qolish xavfi paydo bo‘lganini anglash mumkin. Keling, murojaat bilan tanishamiz.
«Farg‘ona shahrida avtobuslarda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotgan avtokorxonalar Farg‘ona viloyati hokimligining 2015-yildagi qaroriga asosan bir yo‘lovchi uchun 600 so‘m belgilangan bo‘lishiga qaramay, yo‘lovchilarga qaytimga mayda pul yo‘qligi tufayli hozirgi kunga qadar 500 so‘m yo‘lkira tarifida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Bundan tashqari bizni yonilg‘i masalasi ham qiynamoqda. Propan gazini shahar ichi yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan avtokorxonalar uchun yopiq birja savdolarida «O‘zavtotrans» agentligi taqsimotiga asosan 700 so‘mdan sotib olardik. Hozir bu imtiyoz ham to‘xtatilgan. Propan gazini avtobuslarga yetkazib berish uchun avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari (AGQSh) orqali tijorat narxlarida, bir litrini 1800 so‘mdan, metan gazini AGQShlardan 1700 so‘mdan sotib olishga majbur bo‘lmoqdamiz.
Ya’ni inflyasiya davom etmoqda, ehtiyot qismlar, yonilg‘i-moylash materiallari qiymati, ishchilar maoshi va qo‘shimcha xarajatlar kun sayin ortib bormoqda. Ammo yo‘lkiramiz o‘sha-o‘shaligicha turibdi. Shu bois bizning keyingi faoliyatimiz katta so‘roq ostida qolmoqda.
«Kerakli joylarga murojaat qilmadingizmi?» degan tabiiy savol tug‘iladi. Albatta murojaat qildik.
Avtokorxonalar tomonidan shahar ichi yo‘nalishlarida yo‘lkira tarifini qayta ko‘rib chiqish masalasida shu kunga qadar:
1) O‘zbekiston Prezidentiga uch marta;
2) O‘zbekiston adliya vaziri R.Davletovga;
3) Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri N.Ismoilovga;
4) Oliy Majlis Senati raisi N.Yo‘ldoshevga;
5) Vazirlar Mahkamasi raisi A.Aripovga;
6) Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari O.Ramatovga;
7) «O‘zavtotrans» agentligi boshlig‘i D.Dehqonovga 2 marta;
8) Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyevga 2 marta murojaat qildik.
Farg‘ona viloyati hokimligining moliya boshqarmasi barcha hisob-kitoblar asosida Farg‘ona viloyati shaharlar ichi yunalishlarida avtobuslarda yo‘lovchilarni tashish xizmati tarifini bir kishi uchun 1000 (ming) so‘m miqdorida belgilashni tavsiya qilib, xulosasini 2018-yil 15-yanvar kuni Farg‘ona viloyati hokimligiga Moliya vazirligi bilan kelishish uchun yuborgan.
Lekin hozirgi kunga qadar viloyat hokimligi ushbu xulosani Moliya vazirligiga yubormaganligi bois Farg‘ona viloyati shahar yo‘nalishlaridagi tariflar avtokorxonalar tomonidan 500 so‘m yo‘lkira tarifida yurayotganligiga qaramay 2015-yil holatida, ya’ni 600 so‘m miqdorida qolib ketgan va avtokorxonalar zararga kirib, o‘z faoliyatini to‘xtatishmoqda.
Ta’kidlash joizki, 2018-yilning 1-mayidan shahar ichi yo‘nalishlarida bir yo‘lovchi uchun tarif boshqa viloyatlarda, jumladan Samarqand viloyatida 1200 so‘m, Namangan viloyatida 1000 so‘m, Andijon viloyatida 1000 so‘m etib belgilangan.
Biz butun kuch-g‘ayratimizni shu faoliyatga, shahrimiz ahliga sifatli xizmat ko‘rsatishga qaratganmiz. Ammo bozor iqtisodiyoti sharoitida hech kim o‘z zarariga ishlay olmaydi. Farg‘ona yo‘lovchi tashish tizimida avtobuslarni saqlab qolish uchun bu masalani albatta ko‘rib chiqish va zudlik bilan yechish vaqti yetdi. Mutasaddilardan bu borada zarur chora-tadbirlar ko‘rilishini kutib qolamiz.
Hurmat bilan:
«Farg‘ona avtotransxizmat» MChJ bosh direktori A.Kamolov,
«Farg‘ona oltin vodiy navkari» MChJ direktori S.Husainov,
«Farg‘ona favorit avtotrans» MChJ direktori F.Otaxonov,
«Bek yo‘lovchi trans» MChJ direktori B.Toshpo‘latov,
«Mohlaroyim rivoj trans» MChJ direktori O.Dadoboyev».
* * *
Murojaatga 65 sahifali turli xil hujjatlar, tashkilotlardan olingan javoblar ilova qilingan. Masala tushunarli bo‘lgani uchun biz ularni e’lon qilishni lozim topmadik. Ammo voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter