Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mikrokreditbank»dan 3,3 milliard so‘m kredit olgan buxorolik tadbirkor cho‘lda yirik korxona yaratdi

«Mikrokreditbank»dan 3,3 milliard so‘m kredit olgan buxorolik tadbirkor cho‘lda yirik korxona yaratdi

«Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki Respublika moliya bozorida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish borasida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ayniqsa, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun fuqarolarga ko‘makdosh bo‘lib, ularga hech bir sansolarliklarsiz kredit ajratish bugungi kunning muhim vazifasiga aylangan. Birgina parrandachilik sohasida bajarilgan amallar ham diqqatga molik.

«Mikrokreditbank» ATB matbuot xizmati rahbari Sarvar Ochilovning bildirishicha, bank tomonidan o‘tgan davr mobaynida 200 dan ortiq parrandachilik xo‘jaliklari va ozuqa-yem mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga 491,3 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratilgan. Buning evaziga tadbirkorlar ishlab chiqarish korxonalari qurib, zamonaviy dastgohlarni sotib olib, sifatli mahsulot ishlab chiqarishga erishishmoqda.

Buxorodagi birgina go‘sht go‘sht yo‘nalishidagi parrandachilikka mo‘ljallangan «Behtarin Group» MChJga o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun o‘tgan yil 2 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan 3,3 milliard so‘m miqdorida kredit ajratilgan.

Kuni kecha «Mikrokreditbank» ATB «Parrandasanoat» uyushmasi bilan hamkorlikda mazkur korxonaga bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.

Mazkur korxona viloyatning Romitan tumani markazidan 20 kilometr uzoq masofadagi «Xo‘jaubbon» ziyoratgohi cho‘l hududida joylashgan bo‘lib, o‘z faoliyatini 6 oy ilgari to‘liq boshlagan. Ayni paytda parranda boqishga mo‘ljallab qurilgan uchta sexda har ikki oyda o‘rtacha 90 ming bosh jo‘ja boqilyapti, mahsulot asosan, ichki bozorni ta’minlashga mo‘ljallangan.

«Behtarin Group» MChJ direktori Feruz Ziyayevning so‘ziga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishi uchun yana qo‘shimcha 10 gektar yer maydoni ajratilgan. U yerda ham uch ta sex binosi tiklanib, yaqin oylarda korxona kengaytiriladi va yil oxirigacha o‘rtacha 180 ming tonna tovuq go‘sht holida ichki bozorga chiqariladi.

«Mikrokreditbank»ning moliyaviy ko‘magi bilan tadbirkorlikda go‘sht yetishtirish uchun broleylar boqishni boshladik.  6 oy ichida samarali natijalarga erishdik. 2023 yilda o‘z faoliyatimizni kengaytirib, yana parranda boqishga mo‘ljallangan 3 ta sex qurishni, u yerda parranda uchun asosiy ozuqa bo‘lgan yem ishlab chiqarishni hamda boqilgan jo‘jalarni so‘yish liniyasini ham tashkil etishni maqsad qilganmiz. Bunda qo‘shimcha har ikki yo‘nalishda kamida 100 ta ish o‘rni yaratishni ham mo‘ljallayapmiz. Hozirgi kunda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan sexlar Ukraina texnologiyasi asosida yuritilmoqda. Shu o‘rinda, mazkur texnik apparatlarni ishlatishda ancha qiynalib qolganimiz bois, o‘zaro shartnoma asosida aynan ukrainalik mutaxassislarni jalb etib, ularning tajribasidan foydalanganimizni ham aytib o‘tmoqchiman. Bugun mazkur maxsus texnik apparatlar ish unumdorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Parrandalar qo‘l bilan mehnati bilan emas, balki kompyuterlar orqali boshqariladigan texnik apparatlar xizmatidan foydalangan holda oziqlantiriladi», deydi Feruz Ziyayev.

Bundan tashqari, samarqandlik tajribali mutaxassislar ham jalb etilgani bildirildi. Ma’lum bo‘lishicha, korxona ishchilariga 1 million 800 ming so‘mdan 8 milliongacha maosh to‘lanadi. Ishchilar  3 mahal issiq ovqat, kiyim-kechak hamda yotoqhona bilan ham ta’minlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor bor-yo‘g‘i, 6 oy ichida samarali natijaga erishgan bo‘lsa-da, qish mavsumidan ancha qiyinchilik bilan chiqqan. Uzoq cho‘l hududida tabiiy gaz ta’minoti masalasi asosiy muammolardan biri bo‘lib kelgan. Suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanib kelingan.

«Yashirishga hojat yo‘q, qish chillalarida suyultirilgan gaz ballonlarini ham o‘z vaqtida ololmagan kezlarimiz bo‘lgan. Tuman hokimi Umidjon Barnoyevning tadbirkorlarga bo‘lgan e’tibori va ko‘magi bilan bugun 1,5 kilometr masofadagi yirik gaz quvurlari orqali tabiiy gaz tarmoqlarini korxona manziligacha tortib keltirdik. Uzog‘i bilan ikki-uch kunda tabiiy gaz tarmog‘i xizmati tizimga ulanadi. Bundan tashqari, ba’zan elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar yuzaga keladi. Shunday paytlarda generatorlardan foydalanamiz. Bu bilan korxonamiz uzoq cho‘l hududida joylashgan bo‘lsa-da, tadbirkorlikni rivojlantirishimiz uchun mutasaddilar tomonidan tuman markazidan qolishmagan shart-sharoitlar yaratishda qo‘llab-quvvatlanayotganimizni aytib o‘tmoqchiman», dedi Feruz Ziyayev.

Bildirilishicha, ayni paytda korxonani Injiniring kompaniyaga aylantirish uchun sa’y-harakalar olib borilmoqda. Shu maqsadda qo‘shimcha zavodlar qurish bo‘yicha Turkiyadan ham mutaxassislar taklif etilmoqda.

«Bugun respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini yanada mustahkamlash hamda parrandachilik yo‘nalishidagi tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Mikrokreditbank» ATBga 85 million AQSh dollar miqdoridagi mablag‘ ajratish belgilangan. Hozirga qadar 50 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirildi.  2022 yil 1 iyundan 400 milliard so‘mgacha kredit mablag‘lari hisobidan parrandachilik xo‘jaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga don zaxirasi yaratish uchun Markaziy bank asosiy stavkasida 3 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha revolver kreditlar ajratiladi. Buxorodagi «Behtarin Group» MChJ ham ana shunday kredit mablag‘lari evaziga o‘z tadbirkorligini rivojlantirib, juda tez fursatda aholi va jamiyatga foyda keltira oladigan darajada ish samaradorligini oshira olgan mijozlarimizdan biri. Bunday tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», deydi «Mikrokreditbank» ATB matbuot xizmati rahbari Sarvar Ochilov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring