Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kichik biznesdan katta tadbirkorlik sari

Kichik biznesdan katta tadbirkorlik sari

Mablag‘i yoki imkoniyati bor inson tadbirkor bo‘lib qoladi, degan tushuncha mutlaqo noto‘g‘ri.

Foto: «xabar.uz»

Nazariy va amaliy ko‘nikmani egallab boshlangan ishning natijasi hamisha xayrli bo‘ladi. Sahifamiz qahramoni Murodjon Ortiqov ham tadbirkorlikni boshlashdan avval o‘qidi, tajriba orttirdi va besh yilda oddiy sotuvchilikdan yirik xususiy tadbirkor darajasiga erishdi.

— 2011-yili Namangan muhandislik iqtisodiyot institutining moliya yo‘nalishini tamomladim. Ammo o‘qishni bitirgan yilim umurtqa churrasidagi jiddiy xastalik sababli to‘shakka mixlanib qoldim, — deya so‘zini boshladi suhbatdoshim. — Shifokorlar 6 oy mobaynida o‘rindan turmay davolanishim kerakligini aytishdi. Davolanish muddati tugagach, davlat tashkilotlaridan ish izlab ko‘rdim. Afsuski, sog‘lig‘im tufayli uzoq vaqt o‘tirolmasligimni, bu dardning qaytalanishiga sabab bo‘lishini aytishdi. Shundan so‘ng do‘konga sotuvchi bo‘lib ishga kirdim. Uch yil mobaynida savdo-sotiq sirlarini o‘rgandim. Biroz ko‘nikma va tajriba orttirgach, xususiy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydim.

— Tadbirkor bo‘lish uchun katta sarmoya talab qilinishi rostmi? Sir bo‘lmasa, ishni boshlashingiz qanday kechgan?

— Ochig‘ini aytganda, oilada to‘rt farzandning kenjasiman. Moddiy tomondan yaqinlarimga suyanishni istamayman. Jigarlarimning ham o‘z oilasi va tashvishlari bor edi. Shu bois ishni kichik do‘kon ochishdan boshladim. Ishlab chiqaruvchi firmalardan qarzga mahsulot olib sotdim. Bir-ikki yilda do‘kon faoliyati kengayib, aylanma mahsulot ortdi. Shundan so‘ng pista qadoqlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim. Bundan tashqari, o‘zim tug‘ilib o‘sgan Mingbuloq tumanida katta savdo markazim ham ishlayapti. U yerda kompyuterlarga xizmat ko‘rsatish, ko‘ngilochar maydon, oziq-ovqat va kiyim-kechak do‘konlari bor.

— Nega ishlab chiqarishni yirik turdagi mahsulotlardan emas, aynan pistani qadoqlashdan boshladingiz?

— Har sohaning o‘z sir-asrori bor. Mablag‘i yoki imkoniyati bor inson tadbirkor bo‘lib qoladi, degan tushuncha mutlaqo noto‘g‘ri. Avval ishni o‘rganish, xaridorlar ishonchini qozonish kerak. Shu bois oddiygina kungaboqarni tozalab, qadoqlab xaridorlarning ishonchini qozondik.

— Bu sohani kengaytirish niyatingiz bormi?

— Albatta, bahor oylarida yangi biznes loyihani yo‘lga qo‘ymoqchiman. Endi sutni qayta ishlash, yurtimiz bozorlariga qurutlarni qadoqlab chiqarish niyatim bor. Undan keyin sut mahsulotlarining boshqa turlari va shirinlik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiman.

Ayni kunda kichik ishlab chiqarish orqali 8 ta ish o‘rni yaratildi. O‘ylaymanki, agar bu sohani yana-da kengaytirsam, ish o‘rinlari ham ikki hissa ortadi.

Tuman hokimiyati mutasaddilari yordami bilan joriy yilning aprel oyi ichida 300 mln. so‘m imtiyozli kredit olayapman. Bu pulga xorijdan ishlab chiqarish texnikalarini olib kelish niyatim bor. Aholini ish bilan ta’minlash uning farovonligini oshirishning eng muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Kichik biznesning o‘ziyoq bir nechta oilani ish bilan ta’minlaydi, minglab insonlarning ehtiyojini qondiradi. Shunday ekan, har birimiz berilgan imkoniyatlardan foydalanib, avval mahalliy, so‘ng xorij bozorlarini mahsulotlarimiz bilan to‘ldiraylik. Shundagina yurtimiz iqtisodiyotida rivojlanish bo‘ladi.

Nargiza Murodova suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring