Jamshid Xo‘jayev investorlar nima uchun O‘zbekistonni tanlashi kerakligini aytdi
Samarqandda «O‘zbekiston-Vengriya» biznes-forumida Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev investorlar nima uchun O‘zbekistonni tanlashi kerakligi haqidagi savolga javob berdi.
Birinchidan, investitsiyalar uchun qulay muhit.
Investorlar huquqlari qonun bilan himoyalanishi bo‘yicha amaliy tizim yaratildi. Natijada 2017 yildan boshlab ($3,3 mlrd.) to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 barobarga oshdi ($8,6 mlrd.).
Qariyb 8 mingta tovar turlariga import bojlari kamaytirildi. Biznesga oid har xil turdagi 70 ta litsenziya va 34 ta ruxsatnomalar berilishi bekor qilindi.
Shuningdek, yangi biznes sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirildi. Yer uchastkalari onlayn savdolar orqali taqdim etilmoqda.
Umuman olganda, qulay investitsion muhitni barpo etishda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ishlar faol davom ettiriladi.
Ikkinchidan, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish siyosati.
Iqtisodiyotimizning yillik o‘rtacha o‘sishi – 5 foizni, sanoat sohalari – 8 foizni tashkil etmoqda. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 7 foizdan ortdi. Eksport hajmlari 1,5 barobarga oshdi.
O‘zbekiston – aholisi 72 mln. kishilik Markaziy Osiyo va 300 mln. kishilik Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi bozorlariga chiqish imkoniyatiga ega.
Shu bilan birga, GSP+ kengaytirilgan preferensiyalar tizimi Yevropa bozorlariga 6 mingdan ortiq mahalliy mahsulotlar turlarini imtiyozli shartlarda eksport qilish imkoniyatini yaratdi. Shu tufayli Yevropa mamlakatlariga qilingan eksportimiz xajmi bu yilning o‘zida 70 foizga oshdi.
Uchinchidan, malakali ishchi kuchi.
O‘zbekiston – iqtidorli, yosh va yuqori salohiyatga ega kadrlarga boy.
Aholimizning 60 foizidan ortig‘ini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashqil etadi. Ular bilimga intiluvchan, turli kasb-hunarlarni o‘zlashtirishga ishtiyoqi baland hamda chet tillarida so‘zlashadigan oliy ma’lumotga ega fuqarolar va yoshlardir.
Shuni alohida aytish joizki, qisqa davr mobaynida mamlakatimizda 82 ta yangi oliy ta’lim yurti tashkil etildi. Bulardan 23 tasi – xorijiy davlatlardagi yetakchi universitetlarning filiallaridir.
Qolaversa, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrov darajasi oldingi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi. Kelgusi besh yilda esa, bu ko‘rsatkichni 60 foizga yetkazish bo‘yicha aniq dasturimiz bor.
To‘rtinchidan, bizda tabiiy boyliklarning ulkan zaxiralari mavjud.
O‘zbekiston oltinning resurs bazasi bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinni, mis bo‘yicha-7, volfram bo‘yicha-8, kumush bo‘yicha-9, uran bo‘yicha 12-o‘rinni, tabiiy gaz ishlab chiqarish bo‘yicha esa 16-o‘rinni egallaydi.
Bular nafaqat tog‘-konchilik, balki, elektrotexnika, rangli metallurgiya va mashinasozlik kabi sohalarda yangi texnologiyalar yordamida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarga chiqish uchun ulkan zamin yaratadi.
Ushbu imkoniyatlardan to‘liq foydalanish maqsadida ikki mamlakatning yirik ishlab chiqaruvchi korxonalarini jalb qilgan holda sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilishga va uning doirasida korxonalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik o‘rnatishni vaqti keldi deb aniq ayta olaman.
Beshinchidan, tadbirkorlik sub’yektlari ishlab chiqarishlari uzluksizligini ta’minlash maqsadida barcha zarur infratuzilmalarni yaratmoqdamiz.
Xususan, joylarda sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va turizmga ixtisoslashgan 22 ta maxsus iqtisodiy zonalar barpo etdik.
Ushbu zonalar avtomobil yo‘llari, elektr energiya, tabiiy gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya, internet tarmog‘i kabi barcha muhandislik kommunikatsiya infratuzilmalari bilan ta’minlangan.
Shuningdek, mazkur zonalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga 10 yilgacha mol-mulk, yer, suv resurslaridan va foyda soliqlaridan ozod qilinadi.
Biz ushbu yo‘nalishda mintaqadagi eng ilg‘orlardan bo‘lish uchun bu kabi sharoitlarni takomillashtirishni hamda shu orqali yangi investorlarni keng jalb qilish uchun yanada qulay muhit barpo etishni davom ettiramiz.
Oltinchidan, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga moliyaviy yordam va subsidiyalar taqdim etmoqdamiz.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini eksport qilishini rag‘batlantirish uchun transport harajatlarining 70 foizgacha qoplab berish mexanizmini yaratganmiz.
Shuningdek, investorlar bilan qo‘shma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish uchun Investitsiyalar jamg‘armasini ta’sis etganmiz.
Yettinchidan, divesifikatsiyalangan transport koridorlari salohiyati.
O‘zbekiston yirik transport yo‘laklari kesishuvida joylashgan bo‘lib, G‘arb bilan Sharq, Shimol bilan Janub mamlakatlari bozorlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini, muhim logistika maydoni vazifasini ham bajara oladi.
Aynan shu sababdan, biz Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston hamda Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar temir yo‘llari loyihalarini ilgari surmoqdamiz.
Bu loyhalar strategik ahamiyatga ega va biz ularni albatta amalga oshiramiz. Ular O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishda mutlaqo yangi imkoniyatlarni ochib beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter