Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jamg‘ariladigan pensiya nega kam chiqishini bilasizmi?

Jamg‘ariladigan pensiya nega kam chiqishini bilasizmi?

Yoshga doir pensiyaga chiqayotgan odamga ish faoliyati davomida jamg‘arib boriladigan pensiya puli ham to‘lab beriladi. Bu pullar ishlagan davri mobaynida oyligining ma’lum qismi jamg‘arib boriladigan daftarchaga yig‘ilib boriladi.

Lekin ko‘plab murojaatlarga ko‘ra, ayrim hollarda shu pensiya juda kam chiqmoqda yoki ishlagan davrlarida pensiyaga kiritilmagan. Oylikdagi ulushni pensiya tizimiga kiritmaslikda kim aybdor bo‘ladi, degan savolimizga Xalq banki axborot xizmati javob berdi.

Axborot xizmatining aytishicha, ish beruvchi hisobot oyidan keyingi oyning 15-kunigacha har oyda shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etayotgan xodimlar reyestrini soliq organlariga yuborishi shart.

«Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunning 10-moddasiga ko‘ra, jamg‘arib boriladigan pensiya badallarini kirituvchilar fuqarolarning Jismoniy shaxslarning qonun hujjatlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan daromad solig‘ining tegishlicha kamaytirilgan summasi hisobiga jamg‘arib boriladigan majburiy pensiya badallarini ish beruvchi har oyda to‘lab borishi belgilab berilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 21 dekabrdagi «Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunni amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi 595-sonli qarori 2-ilovasi 33-bandiga ko‘ra, Majburiy jamg‘arib boriladigan pensiya badallarining to‘g‘riligi, to‘liqligi va o‘z vaqtida to‘lanishi uchun javobgarlik majburiy jamg‘arib boriladigan pensiya badallarini to‘lovchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar rahbarlari zimmasiga yuklanadi.

Shuningdek, Adliya vazirligida 2005 yil 6 oktyabrda davlat ro‘yxatiga olingan 1515-sonli «Ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallarni qo‘shish va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizomga asosan, ish beruvchilar fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallarni budjetga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash bilan birgalikda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash uchun belgilangan shakl va muddatlarda ajratadilar.

Har bir ish beruvchi hisobot oyidan keyingi oyining 15-kunigacha har oyda shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etayotgan xodimlar reyestrini jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi yagona ma’lumotlar elektron bazasi formatida elektron hujjat sifatida shakllantirishi ish beruvchi soliq ro‘yxatiga olingan joydagi Xalq banki filialiga elektron manbalarda taqdim etishi yoki uni Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalidagi shaxsiy «tadbirkorlik sub’yekti kabineti» yoxud Internet tarmog‘ining reyestrni yuborish imkonini beruvchi boshqa saytlari orqali bevosita jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi yagona ma’lumotlar elektron bazasiga yuborishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

Demak, bosh hisobchidan jamg‘arib boriladigan pensiya ma’lumotlari har oyda kiritilayotganini so‘rab, tekshirib turishingiz maqsadga muvofiq.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring