Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islom taraqqiyot banki bilan qarz bitimi imzolandi

Islom taraqqiyot banki bilan qarz bitimi imzolandi

Prezidentning «Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi «O‘zbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PQ-242-son qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki (ITB) o‘rtasida 2021 yil 4 sentyabrda «O‘zbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)» loyihasini moliyalashtirish uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 20 yil muddatga jami 80 million AQSh dollari mikdorida qarz bitimi imzolangan.

Loyihaning II bosqichini 2022-2026 yillarda amalga oshirish doirasida onkologiya muassasalarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, ularni jihozlash uchun 110 turdan ortiq tibbiy va diagnostik asbob-uskunalar xarid qilish, onkologiya xizmati salohiyatini tubdan oshirish, soha mutaxassislarini o‘qitish va tayyorlash va boshqa tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 Qaror bilan quyidagilar belgilandi:

  • Sog‘liqni saqlash vazirligi loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek, ITB qarzidan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi «O'zmedimpeks» mas’uliyati cheklangan jamiyati loyiha doirasida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha kontragent hisoblanadi;
  • ITBning qarz mablag‘larini qaytarish, shu jumladan qo‘shimcha (ustama) va foizlar, boshqa to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

 Shuningdek, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • «O‘zbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)» loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari;
  • «O‘zbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)» loyihasi bo‘yicha Islom taraqqiyot bankining qarz mablag‘larini qaytarish, shu jumladan qo‘shimcha haq (ustama) va foizlarni to‘lashning prognoz jadvali;
  • «O‘zbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)» loyihasi doirasida jalb etilayotgan qarz mablag‘larining sarflanish yo‘nalishlari taqsimoti.

Loyihani amalga oshirish doirasida xarid qilinadigan va olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) to‘lanishi lozim bo‘lgan QQS Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi. Bunda, soliq va bojxona imtiyozlari qo‘llanishi yoki budjet mablag‘lari hisobidan to‘lab berilishi natijasida iqtisod qilingan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishga qo‘shgan ulushi sifatida hisobga olinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring