Hokim chorva bilan shug‘ullanmaydimi?
Yurtimiz haqida gap ketsa, «tuprog‘iga cho‘p suqsang ko‘karadi» deb ta’rif berishadi. Haq gap. Ming shukr, jannatmonand zaminda yashaymiz. Yerimiz unumdor, tog‘larimizda qor mo‘l, deyarli har qadamda daryo va ariqlar oqib turibdi. Dunyoda aqalli bittagina soy oqmaydigan o‘lkalar borligini bir eslang.
Men Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga ko‘p marta borganman. Dehqonchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish uchun bunday qulay joyni topish qiyin bo‘lsa kerak. Yil-o‘n ikki oy Bo‘kaning unumdor dalalarida Ohangaron tog‘laridan mayin shamol esib turadi. Ariqlaridan yozning chillasida ham suv arimaydi.
Shunday sharoitga ega tuman allaqachon gullab-yashnab ketgan bo‘lsak kerak, deb o‘ylashingiz tabiiy. Afsuski, unday emas. Bo‘kada ham asosan g‘alla va paxta ekiladi. Hosildorlik ko‘rsatkichi ham havas qilarli darajada baland emas.
Bog‘dorchilik deyarli rivojlanmagan. Chorvachilik jar yoqasiga kelib qolgan. Yaxshiyam, aholi uyida mol-hol boqib, tuman bozorlarini go‘sht-sut bilan ta’minlab turibdi. Lekin tuman mutasaddilari ularni qo‘llab-quvvatlash, yem-xashak bilan ta’minlash borasida aytarli bosh qotirmagani hech kimga sir emas.
Shunday suvi mo‘l tumanda baliqchilik sohasini rivojlantirishga e’tibor qaratilmagani kechirib bo‘lmaydigan holdir.
Ko‘pchilik yaxshi biladi, Bo‘ka tumani o‘zining mazali palovxonto‘rasi bilan mashhur. Bo‘kalik oshpazlarning mahoratiga gap yo‘q, eplabdimi, haloli bo‘lsin. Lekin menga qolsa, bu tuman o‘zining mazali baliqlari bilan, parranda go‘shtidan tayyorlangan anvoyi taomlari bilan ham nom qozonishini istardim. Aytdim-ku, Bo‘kada buning uchun hamma sharoit bor deb.
Yaqinda Bo‘ka tumani hokimi Bektemir Ibragimovning ishdan olinishiga ham tumanda chorvachilik sohasini rivojlantirishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari, bu boradagi e’tiborsizlik va loqaydligi asosiy sabab bo‘ldi. Bu boshqa hokimlar uchun ham saboq bo‘lishi kerak. Chunki keyingi paytlarda ba’zi hokimlar chorvachilikni fermer bilan oddiy xalqning yelkasiga tashlab qo‘yib, bu sohani deyarli unutib qo‘ygan edi.
Joylarda chorvachilikni rivojlantirish eng avvalo hokimlarning vazifasidir. Ular qoramolchilik, qo‘ychilik, parrandachilik, baliqchilik, quyonchilik va asalarichilik sohalarini rivojlantirish orqali xalqimizning dasturxonini to‘kin, bozorlarimizni obod qilish va eng muhimi, qanchadan-qancha qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish mumkinligini yaxshi anglashi kerak.
Xolid Asrorov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter