Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fermer, klaster, dehqonlar karantinga amal qilgan holda dalada, aholi esa tomorqada bahorgi ekishni davom ettirishi kerak

Fermer, klaster, dehqonlar karantinga amal qilgan holda dalada, aholi esa tomorqada bahorgi ekishni davom ettirishi kerak

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi siyosat va chora-tadbirlar yetarli emasligini yaqqol ko‘rsatdi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ichki talabni to‘liq ta’minlash, aholi daromadlari va farovonligini oshirish uchun katta rezerv va imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Buning uchun barcha fermer, klaster, dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda o‘z dalasida, aholi esa tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishi kerak. Aks holda ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash qiyin bo‘lishi hammaga ayon.

Shu bois oxirgi yillarda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha qator qarorlar qabul qilindi, ayrim qonunlarga o‘zgartishlar kiritildi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari, mahalla fuqarolar yig‘inlarida tomorqa bilan shug‘ullanadigan alohida o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil qilindi. Aholiga urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 244 ta «Tomorqa xizmati» korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tomorqada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun davlat budjetidan 350 milliard so‘m ajratilib, Fermerlar kengashi huzurida jamg‘arma faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bir so‘z bilan aytganda, aholiga ko‘maklashadigan, moddiy resurslarni yetkazib beradigan va moliyalashtiradigan, oldin bo‘lmagan tizim yaratildi.

Videoselektorda ushbu tizimdan samarali foydalanib, tomorqalarda mahsuldorlikni oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.

Tomorqadan yuqori hosil va daromad olayotgan omilkor insonlar tajribasini keng joriy qilish kerakligi aytildi. Misol uchun, Asaka, Oltinko‘l, Namangan, Uychi, Angor, Jarqo‘rg‘on, Kitob, Toyloq, Samarqand, Yangiyo‘l, Zangiota, Oltiariq, Quva kabi tumanlardagi aksariyat tomorqalarda 2-3 marta hosil olinib, bitta oila 8-10 sotixli ekin maydonidan o‘rtacha 50-60 million so‘m, ba’zilar esa 100 million so‘m daromad qilyapti.

Biroq hamma joyda ham bunday emas. Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Buxoro, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida tomorqalarga ekin ekish ishlari yakunlanmaganligi alohida ta’kidlandi.

Mutasaddilarga bunday xonadonlar bilan birma-bir ishlab, tomorqa maydonlariga bozorbop ekinlar ekilishini tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezidentimiz bu yilgi murakkab vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3 marta ekin ekish va qo‘shimcha hosil olish birinchi darajali vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Xonadonlarda ixcham issiqxonalar qurish ham muhim. Bugungi kunda tomorqalarda jami 4 ming gektar yengil konstruksiyali issiqxonalar mavjud bo‘lib, ularda yiliga uch marta hosil olishni yo‘lga qo‘yish mumkin.

Lekin ko‘plab tumanlarda bu masalaga yetarlicha e’tibor berilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida har bir sektor hududida kamida 100 tadan xonadonda 1-1,5 sotixli issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Tomorqa obodligi, albatta, suvga bog‘liq. O‘tgan yili joylarda 233 ta quduq qazilib, 4,5 mingdan ortiq xonadonning suv ta’minoti yaxshilangan edi.

Hozirda esa Jondor, Shofirkon, Baxmal, Forish, G‘uzor, Chiroqchi, Nurota, Qo‘shrabot, Urgut, Xovos, Bekobod, Yozyovon, Qo‘shko‘pir kabi tumanlarning aksariyat qishloqlarida suv ta’minoti og‘ir bo‘lib qolmoqda.

Shu bois Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga hokimlar bilan birgalikda suv ta’minoti yaxshi bo‘lmagan mahallalarda artezian quduqlar qazib, hosildorlikni oshirish vazifasi qo‘yildi.

Qishloq xo‘jaligida vaqtincha foydalanilmayotgan yerlarni o‘zlashtirib, kam ta’minlangan oilalarni band qilish bo‘yicha tizim yaxshi samara bermoqda. Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida bu borada 31 ta kooperativ tashkil etilib, 1 ming 600 nafar ishsiz fuqaro bandligi ta’minlandi. Bunday kooperativlar faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi jamg‘armasidan 50 milliard so‘m ajratilgan.

Yig‘ilishda bu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilib, kambag‘allikni va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Kooperativga a’zo bo‘lgan ishsiz fuqarolarga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamg‘armasidan mahsulot yetishtirish xarajatlari uchun 24 milliard so‘m subsidiya ajratiladi. Kam ta’minlangan, qarovchisi bo‘lmagan oilalarga mevali ko‘chatlar, sabzavot urug‘lari va boshqa moddiy resurslar yetkazib beriladi.

Tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga yetkazib berish masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Hozirgi sinovli davrda tomorqa yerlariga ekin ekmaslik, qarovsiz tashlab qo‘yish yurtga va yerga nisbatan xiyonat deb baholanishi kerak.

Shuning uchun tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalari rasman ogohlantirilishi, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llanilishi ma’lum qilindi.

Bu borada mutasaddi rahbarlarga tegishli hujjatni qabul qilish topshirildi. Tomorqalar holatini dronlar orqali monitoring qilish hamda ulardan unumli foydalanish uchun har bir sektor kesimida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlar va hokimlar axborot berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring