Yetti xazinaning birimi yoki yetti mojaroning? (video)
Tadbirkorga foydang tegmasa, hech bo‘lmasa, ziyoning tegmasin.
Shavkat Mirziyoyev
Luqmai halol
Bekorga baliqni «luqmai halol» deyishmaydi. Baliq go‘shtida inson salomatligi uchun boshqa mahsulotlarda topilmaydigan foydali moddalar bor. Haftasiga kamida ikki marta, har bir inson yil bo‘yi kamida 16 kilogramm baliq yeyishi lozimligini olimlarimiz ta’kidlashgan. O‘zbekiston aholisi 32 millionligini e’tiborga olsak, mamlakatimizda yiliga 500 ming tonnadan ortiq baliq yetishtirilishi kerak.
«Baliqchilikka e’tibor qaratganimizda 30 ming tonnaga ham bormasdi, bir harakat qildik, mana, 100 ming tonnaga yetdi. Endi yiliga 150 ming tonnaga yetkazamiz», — degan edi Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yili O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirida.
Payariq tumanidagi Baliqchilik qo‘rg‘onida ham 200 gektardan ortiq yerdagi sun’iy ko‘llarda baliq yetishtirilardi. Ammo yillar o‘tib, ko‘llar qarovsiz holga kelib, qamishzor va botqoqlikka aylanib borayotgan edi. Baliqchilarning murojaatlari bilan «Payariqbaliqchilik» MChJ tomonidan qarovsiz qoldirilgan hovuzlarga 2002 yilda Payariq tumani hokimi qaror chiqarib, «S.J.Ashur ota», «Toydul A.B», «Troyka K.A» va «Mahliyo R.A» kabi fermer xo‘jaliklariga foydalanish uchun topshirdi. Shundan keyin tumanda baliqchilik ishlari rivojlana boshladi.
«S.J.Ashur ota» fermer xo‘jaligi rahbari Jumaboy Sultonov ham qarovsiz yotgan hovuzlardan uchtasini oldi, keyinchalik o‘zi yana ikkita hovuzni barpo qildi. Jumaboy Sultonov O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘tkazilgan «Tashabbus» ko‘rik-tanlovining viloyat va respublika bosqichlarida g‘olib bo‘lib, mukofotlandi. Uning faoliyati haqida gazetalarda yozishdi, viloyat va respublika televideniyelarida ko‘rsatuvlar namoyish qilindi.
Keyingi ikki yil ichida yurtimizda baliqchilikni rivojlantirish borasida ulkan ishlar qilinmoqda. Prezidentning «Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ham qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasining «Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi.
Ammo bu qarorlarni o‘zlaricha tushungan ayrim manfaatdor rahbarlar qarovsiz qolganda ishi bo‘lmagan suv havzalarini bugun, endi ular tozalanib, tartibga keltirilib, daromad keltiradigan holga kelgach, shunchaki tortib olish payiga tushdilar.
«Samarqandbaliqsanoat» MChJ rahbari O.Asanov va «Oq amur baliqlari» fermer xo‘jaligi rahbari I.Halimovlar Prezident qarorini o‘zlaricha talqin qilib, yangi suv havzalari yaratish o‘rniga fermerlar 2002 yildan beri foydalanib kelayotgan tayyor suv havzalarini tortib olish bilan o‘zlarini hukumat qarorlarini bajargan qilib ko‘rinishni istab qoldilar. Ular fermer xo‘jaliklari faoliyati haqida Samarqand viloyati hokimligi va Vazirlar Mahkamasiga noxolis ma’lumotlarni taqdim qilib, Samarqand viloyati hokimining Payariq tumani hokimi chiqargan bir qator qarorlarni bekor qilish haqidagi qarorini chiqartirishga erishganlar.
Qanday qilib bunga erishilgani ham qiziq. Ayni shu fermer xo‘jaliklari faoliyatini tekshirish uchun viloyat tomonidan ishchi guruh tuzilgan va yanada qizig‘i bu guruh o‘rganish jarayonida baliqchi Jumaboy Sultonovni shunchaki ogohlantirib qo‘yishni ham lozim topmagan. Viloyatdan shuncha odamdan iborat ishchi guruh borib o‘z yerlarini o‘rganib kelganini ham fermerlardan birortasi ko‘rmagan.
Ishchi guruh bir nechta fermerga bir xil «shablon» asosida kamchilik yopishtirganiga hayratlanmay iloj yo‘q. Faqatgina fermer xo‘jaliklari nomigina almashtirilgan bu xulosalarda hatto imzolar ham «kserokopiya»ki bunisi endi alohida mavzu.
Ishchi guruhning fermer xo‘jaliklarini tugatishga asos bo‘lguday xulosasini o‘rganamiz. Ularda barcha uchun bir xil tarzda jumladan shunday deyiladi: «Suv havzasining 65-75 foizini qamish va lux bosib, baliq rivojlanishiga xalaqit bermoqda. Bundan tashqari suv havzalari vaqtida tozalanmagani sababli qamish va luxlarning chirishi natijasida botqoqlikka aylangan».
Bir qarashda jo‘yali asos. Ammo keyingi jumlalarni o‘qisangiz darhol mantiq buziladi: «O‘rganish jarayonida ishchi guruh tomonidan suv havzalaridagi qamishlar o‘rilib, sotishga tayyorlanayotgani aniqlandi. Ushbu fermer xo‘jaliklari baliq yetishtirishdan ko‘ra qamish sotishni afzal ko‘rishi yaqqol ko‘rinib turibdi».
Ishchi guruh qay holatga e’tiroz bildirmoqda? Qamishlar o‘rilayotganigami yoki o‘rilmayotganigami? Balki qamishlar o‘rilib, quritilib yoqib yuborilishi maqsadga muvoviq ko‘rilar...
Shuningdek yana bir jiddiy kamchilik tilga olingan. Xususan Jumaboy Sultonov faoliyati haqida: «S.J. Ashur Ota» fermer xo‘jaligi 85 gektar suv havzasidan 212.5 tonna baliq yetishtirishi kerak edi, haqiqatda esa 2016 yilda 39,6 tonna baliq yetishtirib, belgilangan me’yorni 18 foizga kam bajargan yoki 172,9 tonna kam baliq yetishtirgan» deyiladi.
Ha, o‘ylab qaralsa, nihoyatda jiddiy kamchilik. Asosli talab qo‘yilgan. Jumaboy akaga yuzlanamiz:
— Mana, o‘z kamchiligingiz o‘zingizga ko‘rinmayaptimi?
— Men baliqchilik bilan shug‘ullanayotganimga 30 yildan oshdi. Marhamat, viloyat hokimligida barcha ma’lumotlar bor. So‘nggi 10 yilda kimdir bizning hududlarda o‘sha talab darajasida muntazam baliq yetishtirib kelgan bo‘lsa, men hoziroq hamma narsamni tashlab, o‘zim shuncha mehnatimdan voz kechib ketishga tayyorman.
Jumaboy akaning bu gaplari jo‘mardlik yoki katta ketish tuyular. Lekin qonun talablariga ko‘ra tuman hokimining qarori asosida ishlab kelsa, shuncha yillik faoliyati davomida o‘nlab maqtov yorliqlari olsa, gazetalarda u haqda to‘lqinlanib yozishsa, markaziy telekanallar ibratli ko‘rsatuvlar tayyorlashsa (videoga qarang), xullas shu paytga qadar har sohada o‘rnak bo‘lib kelsayu, birdan noqonuniy faoliyat yuritayotgan degan tamg‘a bilan ishlab turgan xo‘jaligi barbod bo‘lsa, har qanday inson gapiradida.
Eng qizig‘i, aynan Payariq tumanida baliqchilikka ishtiyoq bilan kirishgan, ammo uning mashaqqatiga chiday olmay tashlab ketgan o‘nlab fermer xo‘jaliklari bor. Ularning hovuzlari o‘rni qarovsiz yotibdi. O‘shalar qolib, Jumaboy akaning va sheriklarining tayyor ishlab turgan xo‘jaliklariga ko‘z tikkanlar mard bo‘lsalar o‘zlarini o‘sha joylarda ko‘rsatsinlar, noldan boshlab, baliqchilikni yangi bosqichga ko‘tarib, hammaga o‘rnak bo‘lsinlar!
Prezidentning 2017 yil 1 maydagi «Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida shunday deyiladi: «Suv havzalari tashkil etish uchun yer uchastkalari berish masalalarida tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan o‘zaro samarali hamkorlik ta’minlansin!».
Afsuski, viloyat hokimligi tuman hokimi bilan hamkorlik qilish, maslahatlashishni o‘ziga ep ko‘rmadi, uning qarorlarini bekor qildi. Eng yomoni, ayni damda fermerlar bir necha tonna baliq chavoqlarini tashlab, parvarish qilib turgan damlarda bu hovuzlarni «Samarqandbaliqchilik» MChJga bo‘shatib berishlarini ta’minlash ham tuman hokimidan talab qilinmoqda.
Har qanday insofli odam ham baliqlar parvarish qilib turilgan hovuzlarni bir necha kun ichida bo‘shatib berishni talab qilish adolatsizlik ekanini tushunadi. Axir fermerlar bu baliq chavoqlarini katta pulga sotib olishgan, ularga qimmat turadigan oqsilga boy yemishlar berishgan.
Bugun viloyat hokimining qarorini chiqartirib olgan zamonaviy ishbilarmon «baliqchi»lar esa «Hovuzni bo‘shat, suvingni ham qurit, baliqlaring bilan ishim yo‘q, xohlasang terib ol, xohlasang oqizib yubor» deb turishibdi.
Jumaboy Sultonov va boshqa fermerlar adolat istab Samarqand shahar ma’muriy sudiga murojaat qilishdi. Afsuski, sud ko‘llarning yangi egalari foydasiga qaror chiqardi.
Xullas, Jumaboy Sultonov ham, u kabi 2002 yildan beri baliqchilik bilan shug‘ullanayotgan boshqa fermerlar ham adolat va haqsizlik chegarasini topa olmay, sarson-sargardon bo‘lmoqdalar. Bu yoqda baliqlarni parvarish qilish kerak. Yem va ozuqalar qimmat. Ularni xarid qilish uchun davlat banklaridan kredit olmasa, qiynalib qolishadi. Kredit olish uchun esa amaldagi qaror, bekor qilingan. Mojarolar girdobida qolgan fermerlarga esa banklar ham kredit ajratmayapti. «Xudo urganni payg‘ambar ham hassasi bilan turtadi» deganlari shudir balki?
Umid qilamizki, Samarqandda bo‘layotgan shubhali ishlar bilan tegishli idoralar shug‘ullanishadi va adolat qaror topadi.
Bizga esa kimnidir qaqshatib tortib olingan hovuzda boqilmagan, halol boqilgan baliqlar bo‘lsa bas!
Karimberdi To‘ramurod, «Xabar.uz»ning maxsus muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter