Dehqon yana kuyib qolmoqda
Bahorgi shirin piyozni asosan surxondaryoliklar yetishtiradi. Voha dehqonlari yetishtirgan bahorgi piyoz butun mamlakat bo‘ylab tarqaladi. Bu yil ham surxondaryoliklar o‘z tomorqalarida va fermerlarning yerlarini ijaraga olib piyoz yetishtirishgan. Piyoz esa ko‘p xarajat va mehnatni talab qiluvchi mahsulot.
Ming afsuski, voha dehqonlarining mehnati ko‘pincha qadrlanmaydi. Bu yil ham shu ahvol – yetishtirilgan piyoz uvol bo‘lmoqda. Pishib turgan piyoz ko‘p holatlarda dalada, yig‘ishtirilmasdan qolib ketayapti.
«Nega yig‘ishtirilmaydi? Nega shuncha mehnat va xarajat bilan yetishtirilgan mahsulot bu ahvolda?» – deb so‘rarsiz? Savol o‘rinli.
Chunki piyozning narxi tushib ketdi. Gap shundaki, Surxondaryoda yetishtiriladigan piyoz mamlakat aholisining ehtiyojidan ortiq. Mamlakatning barcha bozorlari bu mahsulot bilan to‘yingandan keyin ham ortib qoladi. Bozor mahsulotga to‘lgandan keyin unga talab susayadi va ulgurji narxi ham, tabiiyki, tushib ketadi. Bahorgi piyozni esa uzoq muddat saqlab bo‘lmaydi – dehqon uni paysalga solmay sotishi kerak.
Dehqonlar qo‘ng‘iroq qilib piyozning ulgurji – dala boshidagi narxi hozir 300 so‘mligini aytib berishdi. Bu esa dehqon piyozni yetishtirishga sarflagan xarajatining yarmi tugul uchdan birini ham ololmaydi degani. Shuning uchun mahsulotni yerdan qazib olish xarajatini ko‘tarolmagan dehqon uni hatto yerda qoldirishga majbur bo‘ladi.
E’tibor bering, gap foyda olish haqida emas, qilingan xarajatning qaytishi haqida ketayapti!..
Ayni chog‘da esa qo‘shni Qozog‘iston yoki bozori ulkan bo‘lgan Rossiya bu mazali piyozga zor. Xo‘sh, nega dehqonlarimiz yetishtirgan mahsulotga kimdir zoru, bu yerda dehqonlar uni yerdan yig‘ishtirib olgisi kelmay, xarajatini qoplolmay kuyib o‘tiribdi?
Kim bu savolga javob beradi? Qaysi tashkilot?
Nega oddiy odamlarning – tomorqa egalari va fermerdan biroz yerni ijaraga olib dehqonchilik qilayotgan kishilarning qilgan mehnati-yu xarajati hisobga olinmaydi? Tomorqalardan unumli foydalanish kerakligi gapiriladi, ammo tomorqachilar mehnat qilib mahsulot yetishtirganda mahsuloti aziz qilinmaydi?
Muhammad Shakur
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter