«Dastlabki loyihada yo‘q bo‘lgan taklif qonunga qo‘shilmoqda» – ekspert
Benefitsiarlari ofshorda ro‘yxatdan o‘tgan norezidentlar ham o‘zbek banklarini sotib olishi va bank ochishi mumkin bo‘ladi, deb yozmoqda iqtisodchi Otabek Bakirov.
Uning qayd etishicha, amaldagi Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, (ofshor zonalar) davlat yoki hududda ro‘yxatdan o‘tgan norezidentlar, ishtirokchilar (aksiyadorlar) va yakuniy benefitsiar egalari bankning ta’sischilari va aksiyadorlari bo‘lishi mumkin emas. Lekin bu cheklov ofshordagi ayrim toifalar uchun bekor qilinmoqda.
Buning uchun o‘sha ofshor norezidentlar xorijiy davlatlar va xalqaro institutlar tomonidan tan olingan bank egalari bo‘lsa kifoya. Qanaqadir boshqa mezonlar ochilmagan.
«Qiziq tarafi, avval-boshda taklif etilgan Qonunga o‘zgartirishlar loyihasida faqat ustav kapitali eng kam miqdori oshirilishi bilan bog‘liq masala o‘rin olgandi.
Quyi palatada qishda loyiha birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgandayam bank ochishda va aksiyador bo‘lishda ofshorlarga ruxsat berish xaqida so‘z ochilmagan», deydi ekspert.
Otabek Bakirov ofshorlarga qonuniy tirqish ochish masalasi tashabbuskori kim bo‘lgani va bu qachon ro‘y bergani aniq emasligini, harqalay, Markaziy bank taklif etgan Loyihada bu yo‘q bo‘lganini aytadi.
«O‘zbekiston yirik davlat aktivlarini faol «xususiylashtirmoqda». Oxirgi so‘zni yana qo‘shtirnoqqa olganimiz bejizga emas. Savolli xususiylashtirish sabablari va uning oqibatlari haqida juda ko‘p yozildi. Banklar kapitaliga ofshor ildizli sub’yektlarning kirib kelishiga tirqish ochilishi sopini o‘zidan chiqarish tarzidagi «o‘zbekcha xususiylashtirish» jarayonini yanada kengaytiradi. Balki maqsad ham shudir», deydi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter